13:12, Oktabr 5, 2026
/
1,5 тыс

O‘zbekistondagi 8 ta OTT eng nufuzli reytinglardan biriga kirdi

O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari “Times Higher Education World University Rankings – 2027” reytingida yana o‘z o‘rnini egalladi. Joriy yilgi reytingda mamlakatimizning 8 ta oliy ta’lim tashkiloti reyting jadvalidan joy oldi.

Times Higher Education (THE) tomonidan e’lon qilingan navbatdagi jahon universitetlari reytingida 118 ta mamlakatdan 2 297 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etdi.

O‘zbekistondan jami 53 ta oliy ta’lim tashkiloti reyting jarayonida qatnashgan bo‘lib, ularning 8 tasi reytingda o‘rin egalladi, 45 tasi esa ishtirokchi sifatida qayd etildi.

Mamlakatimiz oliy ta’lim tashkilotlari orasida eng yuqori natijani “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti qayd etdi. Universitet 551–600-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti esa 651–700-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.

Shuningdek, reytingda quyidagi O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari ham o‘rin egalladi:

– Toshkent davlat texnika universiteti – 1001–1200-o‘rinlar;

– Toshkent davlat transport universiteti – 1001–1200-o‘rinlar;

– O‘zbekiston Milliy universiteti – 1201–1400-o‘rinlar;

– Samarqand davlat universiteti – 1201–1400-o‘rinlar;

– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 1201–1400-o‘rinlar;

– Toshkent davlat tibbiyot universiteti – 2001+.

THE World University Rankings oliy ta’lim tashkilotlarini ta’lim, ilmiy tadqiqot, bilim transferi va xalqaro faoliyat kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha baholaydi.

O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarining ushbu xalqaro reytingda qayd etilishi mamlakat oliy ta’limining xalqaro akademik maydondagi ishtiroki va raqobatbardoshligini baholashda muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari