10:58, Fevral 10, 2026
/
442

Jahon tillari universiteti reytingda oliy o‘rinni egalladi

Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reyting tizimi — UniRank O‘zbekiston universitetlarning 2025-yil yakunlari bo‘yicha reytingini e’lon qildi. Reytingga jami 80 ta ta’lim muassasasi kiritilgan.

Reytingda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti birinchi o‘rinni egallagan.

Kuchli beshlikda, shuningdek, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent Davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti ham bor.

Xususiy oliygohlar orasida esa Xalqaro Nordik universiteti birinchi bo‘ldi.

2022-yili yetakchi fin kompaniyalari bilan hamkorlikda ochilgan va hozirda 7 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan mazkur ta’lim muassasasi umumiy reytingda 18 ta davlat oliygohidan so‘ng 19-o‘rinni egallagan.

UniRank — oliy ta’lim muassasalari uchun xalqaro reyting tizimi bo‘lib, u universitetlarning ommabopligini ularning internetda sayti bor yoki yo‘qligi, saytga tashrif buyuruvchilarning soni va foydalanuvchilarning iqtiboslari asosida baholaydi. Bu akademik reyting emas, balki marketing reytingi bo‘lib, universitetning internetdagi mashhurligini aniqlashga yordam beradi.

Mazkur tizim an’anaviy ravishda har yili butun dunyo bo’ylab 14 mingga yaqin universitet va kollejlarni, jumladan, O’zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarini ham baholab boradi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari