Pedagog xodimlar farzandlariga 30 foizlik kontrakt chegirmasi qanday qo‘llanadi?

Chegirma kimlarga beriladi?
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma beriladi. Mazkur imtiyoz Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyulda 3849-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qo‘shma qarorda belgilangan pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiruvchi xodimlarning farzandlariga tatbiq etiladi.
Bunda, ma’muriy-boshqaruv, texnik va xo‘jalik xodimlari ushbu pedagogik lavozimlar ro‘yxatiga kirmaydi.
Chegirmadan qanday foydalaniladi?
Talaba kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali to‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun ariza yuboradi. Tizim orqali talabaning pedagog xodim farzandi ekanligi elektron tarzda tekshiriladi va tasdiqlanadi. Ma’lumotlar tasdiqlangach, 30 foizlik chegirma qo‘llaniladi. Ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Chegirma bir o‘quv yili davomida bir marotaba qo‘llanadi.
Qancha to‘lanadi?
Agar kontrakt summasi 100 foiz bo‘lsa, 30 foiz – chegirma davlat tomonidan beriladi va 70 foizi – talaba tomonidan to‘lanadi.
Ya’ni talaba kontraktning to‘liq summasini emas, 70 foizini to‘laydi.
70 foizlik to‘lovni qanday amalga oshirish mumkin?
1-usul – to‘liq to‘lash. Talaba chegirmadan keyingi 70 foizlik summani bir martada to‘laydi.
2-usul – bo‘lib-bo‘lib to‘lash
1-bosqich – 25 foiz, 1-kursga tavsiya etilganlar uchun – 15-oktyabrgacha; 2-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun – 1-oktyabrgacha.
2-bosqich – 25 foiz:
1-yanvargacha.
Shunda jami to‘lov 50 foizni tashkil etadi.
3-bosqich – 20 foiz:
1-martgacha.
Natijada talaba tomonidan to‘lanadigan jami summa 70 foizga yetadi.
Qolgan 30 foiz nima bo‘ladi?
Kontrakt summasining chegirmaga to‘g‘ri keluvchi 30 foizlik qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 1-maygacha oliy ta’lim tashkilotiga qoplab beriladi.
Arizalar qachon topshiriladi?
Hozirda kontrakt.edu.uz axborot tizimida vazirlik va idoralar o‘rtasidagi ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu orqali ota-onaning pedagogik faoliyatini avtomatik aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Arizalarni qabul qilish imkoniyati tez kunlarda ishga tushiriladi. Ariza topshirish jarayoni boshlanganida qo‘shimcha e’lon beriladi.
Dilnoza Zaripova
-
Pingback: Pedagoglar farzandlari uchun kontrakt chegirmasiga arizalar qabuli boshlandi (qo‘llanma) - Avlod News