08:39, Dekabr 9, 2025
/
574

“Perevod” haqida tushuntirish: qonunchilikda qanday bandlar bor?

Ma’lumki, o‘qishni ko‘chirish perevod masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” gi qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra:

Birinchidan, talabalar oʻqishini xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga (perevod) ruxsat etilmaydi (“Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizom, 3-bob 29-band).

Ikkinchidan, talabalar oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan toʻlov asosida amalga oshiriladi (“Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizom, 3-bob 29-band).

Uchinchidan, xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar oʻqishining oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirilishiga ruxsat etilmaydi (“Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizom, 3-bob 32-band).

Ya’ni, siz o‘qishingizni nodavlat va xorijiy OTM dan davlat oliygohlariga mos va turdosh yo‘nalish bo‘lmagan taqdirda ham ko‘chirsangiz bo‘ladi, faqat bu oliygoh O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lishi shart. Boshqa hollarda faqatgina mos va turdosh yo‘nalish bo‘lishi talab etiladi. Ammo magistratura bosqichi talabasi bo‘lsangiz, sizga “perevod” uchun ruxsat berilmaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari