“Perevod” 2026: bu yilgi talabgorlarga qanday “syurpriz” tayyorlandi?

O‘zbekistonda talabalarning bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishini ko‘chirish (perevod) jarayoni har yili qabul mavsumining eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzularidan biri hisoblanadi. Joriy yilda bu boradagi qoidalarga jiddiy o‘zgarishlar kiritildi va bu o‘zgarishlar birinchi navbatda nodavlat oliygohlar bilan bog‘liq.
Avvalgi tartib qanday edi?
2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son Prezident qaroriga muvofiq, o‘qishni ko‘chirish sabablari quyidagicha farqlanardi:
- Davlat OTMdan davlat OTMga: Faqat 2 ta uzrli sabab (talaba turmush qurib, turmush o‘rtog‘i yashaydigan hududga ko‘chsa yoki davlat xizmatchisi bo‘lgan ota-ona ish yuzasidan boshqa hududga o‘tsa) asosida ruxsat berilgan.
- Xorijiy yoki nodavlat OTMdan davlat OTMga: Mos yo‘nalish bo‘yicha test yoki ijodiy imtihon topshirib, o‘tish balini to‘plash talab qilingan. Ball yetarli bo‘lmagan taqdirda, super-kontrakt asosida ko‘chirish imkoniyati saqlangan.
Oldingi yillarda nodavlat oliygohlarga o‘qishni ko‘chirish nisbatan erkin bo‘lib, jarayon asosan OTMlarning o‘z ichki qarorlari bilan hal qilinardi.
2026-yilda nimalar o‘zgardi? (Yangi va qat’iy talablar)
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 403-sonli qarori (3-“v”-bandi)ga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish endilikda davlat OTMlari uchun belgilangan qat’iy talablar asosida amalga oshiriladi. Bu amaliyotda quyidagilarni anglatadi:
- Davlat OTMdan nodavlat OTMga: Endi faqat uzrli sabablar (turmushga chiqish yoki ota-onaning ish joyi o‘zgarishi) bilangina ruxsat beriladi.
- Nodavlat OTMdan nodavlat OTMga: Bu holatda ham xuddi shu 2 ta uzrli sabab talab qilinadi.
- Xorijdan nodavlat OTMga: Davlat OTMga o‘tishdagi kabi test imtihonlari orqali amalga oshiriladi.
Nimalar o‘zgarmadi? (Nodavlatdan davlat OTMga o‘tish)
Vazirlar Mahkamasining 403-sonli qarori faqat nodavlat OTMga qarab yo‘naltirilgan ko‘chirishlarga tegishli. Nodavlat OTMdan davlat OTMga o‘tish esa avvalgidek davom etadi:
- Mos yoki turdosh yo‘nalishga: Imtihon topshirilib, belgilangan o‘tish bali to‘planishi kerak. O‘tish balini to‘play olmaganlarga super-kontrakt shartlari asosida ruxsat beriladi.
- Mos yoki turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga: Bir martalik “super-kontrakt” to‘lab, imtihonsiz ko‘chirish imkoniyati saqlanib qoldi (Eslatma: Xorijdan davlat OTMga o‘tishda mos bo‘lmagan yo‘nalishga umuman ruxsat yo‘q).
Kutilayotgan yengilliklar va o‘zgarishlar
Mas’ul idoralar bilan olib borilgan muloqotlarga ko‘ra, joriy tartibning nodavlat ta’lim bozori real ehtiyojlariga mos kelmasligi inobatga olinib, yaqin orada tuzatishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda:
- Davlat va nodavlat OTMlardan nodavlat OTMga o‘tishda: Nodavlat oliygohlarga o‘zaro qabul shartlarini mustaqil belgilash huquqi qaytarilishi mumkin.
- Xorijdan nodavlat OTMga o‘tishda: Test imtihoni tartibi saqlanadi, biroq o‘tish balini har bir nodavlat oliygoh o’zining yo’nalishlar kesimida o‘zi belgilaydi. Bunda yagona umumiy chegara – 56,7 balldan kam bo‘lmasligi shart qilinadi.
Arizalar qachon va qayerda qabul qilinadi?
Nodavlat OTMlararo ko‘chirishdagi cheklovlar vaqtinchalik bo‘lishi ehtimolini hisobga olib, ariza topshiruvchilarga rasmiy tartibning yakuniy holatini kuzatib borish tavsiya etiladi.
Ariza qabul qilish muddati: 15-iyuldan 5-avgustgacha.
Arizalar quyidagi rasmiy elektron platformalar orqali qabul qilinadi:
- 🌐 transfer.edu.uz – respublikaning bir davlat oliygohidan boshqa davlat oliygohiga yoki bir oliygoh ichida ko‘chirish uchun.
- 🌐 my.uzbmb.uz – xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan davlat oliygohlariga ko‘chirish uchun.
Xulosa
Bu yilgi “perevod”chilar uchun eng katta va noxush “syurpriz” – nodavlat oliygohlarga o‘qishni ko‘chirishning hech qanday avvaldan ogohlantirishlarsiz, to‘satdan qiyinlashtirib qo‘yilgani bo‘ldi.
Ochiq aytish kerak, yillar davomida xususiy universitetlar o‘rtasida yoki ularga o‘qishni ko‘chirish talabalar uchun nisbatan erkin, tanlov huquqi kafolatlangan va ko‘pincha qulay “zaxira variant” bo‘lib kelgan edi. Biroq, “perevod” mavsumi boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda, hech qanday jamoatchilik muhokamalarisiz va tayyorgarlik uchun vaqt qoldirmasdan joriy qilingan ushbu qoida ko‘pchilikni shok holatiga tushirdi.