Perevodchilar qachondan o‘qishni boshlaydi?

O‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirgan talabalarni eng ko‘p qiziqtirayotgan savollardan biri – yangi OTMda darslarni qachondan boshlashlari.
Buning uchun talabgorlar avvalo o‘qishini ko‘chirgan OTMda rasmiylashtirish jarayonlarini yakunlashi kerak.
Aloqa xatini olish
Xorijiy va nodavlat ta’lim muassasalaridan davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabgorlar ko‘chirib o‘tkazilayotgan OTMdan aloqa xatini olishlari lozim.
Davlat OTMlarining biridan boshqasiga o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabgorlar uchun ham ushbu tartib amal qiladi.
Aloqa xati talabaga shaxsan berilishi yoki uning avvalgi OTMiga pochta orqali yuborilishi mumkin.
Hujjatlarni topshirish uchun 10 kun
Aloqa xatini olgan talabgor ko‘pi bilan 10 kun ichida avvalgi ta’lim muassasasidan zarur hujjatlarni olib kelishi va yangi OTMga topshirishi kerak.
Shundan so‘ng tegishli fakultet tomonidan talabaning o‘quv rejasidagi fanlar farqi aniqlanadi. Natijaga ko‘ra, talabaning qaysi o‘quv bosqichida tahsil olishi belgilanadi.
Kontraktning 25 foizi qachongacha to‘lanadi?
O‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabgorlar 15-oktyabrga qadar to‘lov-kontrakt summasining 25 foizini to‘lashi kerak.
Belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, talabgor talabalar safiga qabul qilinmaydi.
Darslar qachondan boshlanadi?
Perevodchilar uchun darslarni boshlashning barcha OTMlar uchun yagona sanasi belgilanmaydi.
Talabgorlarni dars mashg‘ulotlariga qaysi sanadan boshlab jalb qilish masalasini tegishli oliy ta’lim muassasasi mustaqil ravishda belgilaydi.
Shu sababli aloqa xatini olgan talabgorlar hujjatlarini imkon qadar tezroq rasmiylashtirishi va belgilangan muddatda kontrakt to‘lovini amalga oshirishi muhim.
Perevodchilar uchun alohida guruh ochiladimi?
Perevod asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun alohida guruh yoki alohida kurs tashkil etilishi shart emas.
Talabalar sonidan kelib chiqib, yangi guruh tashkil etilishi yoki ular mavjud guruhlarga biriktirilishi mumkin.
Muhim: Perevoddan o‘tgan talabgorning yangi OTMda qachondan darsga kirishi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni va OTM tomonidan belgilanadigan tartibga bog‘liq.