11:24, Avgust 6, 2026
/
538

“Perevod” uchun arizalar qabuli 10-avgustgacha uzaytirildi

Transfer.edu.uz platformasida o‘qishni ko‘chirish sabablarini tanlash bo‘limiga “Boshqa sababga ko‘ra” bandi qo‘shildi.

Shuningdek, respublikadagi nodavlat oliygohlarga o‘qishni ko‘chirish, bir nodavlat oliygoh doirasida o‘qishni ko‘chirish hamda o‘qishni qayta tiklash bo‘yicha arizalar qabuli 10-avgustgacha uzaytirildi.

Dastlab 2026/2027-o‘quv yili uchun arizalar 15-iyuldan 5-avgustgacha qabul qilinishi belgilangan edi. Endilikda talabalar 10-avgust kuni ham Transfer.edu.uz  orqali ariza yuborishi mumkin.

Belgilangan muddatdan keyin topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Avval faqat ikkita sabab ko‘rsatilgan edi

Davlat oliygohlari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirishga, asosan, quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

–  talaba turmush qurgani sababli turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliygohga ko‘chmoqchi bo‘lsa;

–  davlat organi xodimining ish joyi o‘zgarganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi boshqa hududdagi oliygohga ko‘chirilsa.

Biroq bu yilgi o‘qishni ko‘chirish jarayonlarining kutilmagan “yangiligi” nodavlat oliygohlar o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish jarayonida ham ushbu ikki sababning so‘ralayotgani edi.

Mas’ullar tizimdagi bu holat tez orada bartaraf etilishini bildirgan. Biroq arizalar qabuli yakunlanishi belgilangan 5-avgust kuni ham platformada faqat shu ikki sabab ko‘rsatilayotgandi.

Endi esa tizimga “Boshqa sababga ko‘ra” bandi qo‘shildi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ushbu imkoniyat nodavlat oliygohlarga boshqa sabablar asosida o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar uchun ham amal qiladi.

Davlat va nodavlat oliygohlaridan o‘qishni ko‘chirish hamda o‘qishni qayta tiklash uchun arizalar Transfer.edu.uz orqali topshiriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari