Prezident Qoraqalpog‘istonda: hududdagi oliy ta’lim statistikasi qanday?

18-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ikki kunlik tashrif bilan bordi. Tashrif doirasida hududni rivojlantirishga oid masalalar, jumladan, ijtimoiy sohalardagi yo‘nalishlar ham muhokama qilinishi belgilangan.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim tizimiga oid asosiy ko‘rsatkichlarni raqamlarda jamladik.
OTMlar soni nechta?
Hududda 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlari:
– Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti;
– Nukus davlat texnika universiteti;
– O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali;
– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiali;
– O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali;
– Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti;
– Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti;
– Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filiali.
Noavlat oliy ta’lim tashkilotlari
– Innovatsion texnologiyalar universiteti;
– Toshkent gumanitar fanlar universiteti.
Qoraqalpog‘istonda 98 mingdan ortiq talaba o‘qimoqda
Ta’lim statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida jami 1 598 945 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 98 360 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatdagi jami talabalar sonining 6,2 foizini tashkil etadi.
Talabalar soni bo‘yicha hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston 11-o‘rinda qayd etilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyatida bo‘lib, u yerda 165 336 nafar talaba bor. Samarqandda 165 334 nafar, Qashqadaryoda 159 415 nafar, Toshkent shahrida 143 380 nafar, Farg‘onada 131 047 nafar, Andijonda 120 311 nafar, Surxondaryoda 119 845 nafar, Buxoroda 110 975 nafar, Xorazmda 104 565 nafar va Namanganda 99 175 nafar talaba tahsil olmoqda.
Qoraqalpog‘istondan keyingi o‘rinlarda Jizzax – 69 370 nafar, Navoiy – 66 656 nafar va Sirdaryo – 45 008 nafar bilan qayd etilgan. Hududi aniqlanmagan talabalar soni esa 168 nafarni tashkil qiladi.
Talabalar tarkibida ayollar ulushi yuqori
Qoraqalpog‘istondagi 98 360 nafar talabaning 56 574 nafari ayollar, 41 786 nafari erkaklar. Foiz hisobida ayollar ulushi 58 foiz, erkaklar ulushi esa 42 foizni tashkil etadi.
Shu tariqa, hududdagi OTMlarda tahsil olayotgan har 10 talabadan qariyb 6 nafari ayollardir.
Talabalarning 95 foizi bakalavr
Qoraqalpog‘istondagi talabalar tarkibining asosiy qismini bakalavriat bosqichi tashkil etadi. Jami 93 533 nafar talaba bakalavriatda, 4 662 nafari magistraturada, 165 nafari esa ordinaturada tahsil olmoqda.
Foiz hisobida bakalavrlar 95 foizni, magistrlar 5 foizni tashkil etadi. Ordinaturadagi talabalar ulushi esa 1 foizga yetmaydi.
Talabalarning 85 foizi kontrakt asosida o‘qimoqda
To‘lov shakli bo‘yicha ham kontrakt asosidagi ta’lim ustunlik qiladi. Qoraqalpog‘istondagi 83 853 nafar talaba to‘lov-shartnoma, 14 507 nafari davlat granti asosida tahsil olmoqda.
Demak, hududdagi talabalar umumiy sonining 85 foizi kontrakt, 15 foizi esa grant asosida o‘qimoqda.
Kurslar bo‘yicha taqsimot
Talabalar kurslar kesimida ham deyarli bir tekis taqsimlangan. Eng katta guruhni 3-kurs talabalari tashkil etadi – 23 288 nafar. 1-kursda 23 092 nafar, 2-kursda 23 000 nafar, 4-kursda esa 21 014 nafar talaba bor. 5-kurs talabalari soni 7 745 nafar, 6-kurs talabalari esa 221 nafar.
Talabalarning 68 foizi kunduzgi ta’limda
Ta’lim shakli bo‘yicha Qoraqalpog‘istondagi talabalarning asosiy qismi kunduzgi ta’limda o‘qimoqda. 66 939 nafar talaba kunduzgi, 23 374 nafari sirtqi, 3 912 nafari kechki, 2 394 nafari masofaviy ta’lim shaklida tahsil oladi.
Bundan tashqari, 1 453 nafar talaba sirtqi ikkinchi oliy, 130 nafari kunduzgi qo‘shma dastur, 52 nafari masofaviy ikkinchi oliy, 39 nafari kechki ikkinchi oliy va 31 nafari sirtqi qo‘shma dasturlarda o‘qimoqda.
Shunday qilib, kunduzgi ta’limning umumiy ulushi 68 foiz, sirtqining ulushi esa 24 foizni tashkil etadi.
Talabalarning 88 foizi 30 yoshdan kichik
Yosh kesimida ham asosiy ulushni yoshlar tashkil etadi. Qoraqalpog‘istondagi 86 806 nafar talaba 30 yoshdan kichik, 11 554 nafari esa 30 yoshdan katta. Bu mos ravishda 88 va 12 foizga teng.
Talabalarning deyarli barchasi O‘zbekiston fuqarolari
Fuqarolik bo‘yicha statistikaga ko‘ra, 98 321 nafar talaba O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Xorijiy fuqarolar soni 32 nafarni, fuqaroligi yo‘q talabalar soni esa 7 nafarni tashkil etadi.
Shu sababli Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim tizimi talabalari tarkibida O‘zbekiston fuqarolarining ulushi deyarli 100 foizga teng.
Talabalar qayerda yashamoqda?
Qoraqalpog‘istondagi talabalar yashash joyi bo‘yicha ham turlicha taqsimlangan. 42 212 nafar talaba talabalar turar joyida, 37 031 nafari o‘z uyida, 15 826 nafari ijaradagi uyda, 3 189 nafari qarindoshining uyida yashaydi. Yana 102 nafar talaba tanishining uyida istiqomat qilmoqda.
Foiz hisobida talabalar turar joyida yashovchilar 43 foizni, o‘z uyida yashovchilar 38 foizni, ijarada yashovchilar 16 foizni tashkil etadi.
Ilmira Alizoda