09:42, Iyun 19, 2026
/
510

Prezident tahsil olgan universitet dunyoning eng kuchli 500 ta oliygohi qatoriga kirdi

Jahonning eng kuchli universitetlarini baholovchi nufuzli QS (Quacquarelli Symonds) tashkiloti o‘zining yangi – QS World University Rankings 2027 reytingini (2026-yil 18-iyun holatiga ko‘ra) e’lon qildi. Quvonarli jihati shundaki, bu yilgi xalqaro global ro‘yxatda O‘zbekistondan jami 6 ta universitet e’tirof etildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tahsil olgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti xalqaro maydonda ulkan sakrashni amalga oshirib, dunyoning eng kuchli 500 talik universitetlari ro‘yxatidan mustahkam joy oldi.

Oliygohlarimizning reytingdagi o‘rinlari bilan tanishing:

458-o‘rin: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) — Milliy tadqiqot universiteti

801-850-o‘rinlar: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU)

1001-1200-o‘rinlar: Samarqand davlat universiteti (SamDU)

1001-1200-o‘rinlar: Toshkent davlat texnika universiteti

1201-1400-o‘rinlar: Toshkent davlat transport universiteti

1201-1400-o‘rinlar: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Jahonning mutlaq yetakchilari

Bu yilgi reytingda eng yuqori o‘rinlarni, odatdagidek, AQSh va Buyuk Britaniya oliygohlari egalladi:

Massachusetts Institute of Technology (MIT) (AQSh) – Maksimal 100 ball.

Imperial College London (Buyuk Britaniya) – 99.2 ball.

Stanford University (AQSh) – 99.2 ball bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.

Reytingning quyi qismidagilar (1401+ o‘rinlar)

Ro‘yxatning ketma-ket Zarqa University (Iordaniya), Yessenov University (Qozog‘iston) va Walailak University (Tailand) yakunlab bergan.

Universitetlar reytingga qanday kiradi va nima asosida baholanadi?

Oliygohlar xalqaro reytingda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi va bu shunchaki “ariza yozib jo‘natish” bilan bitadigan ish emas. QS reytingi universitetlarni qat’iy mezonlar: ilmiy salohiyat (Scopus bazasidagi maqola va iqtiboslar), ta’lim sifati, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi talabgirligi, xalqaro talabalar va o‘qituvchilar ulushi hamda barqarorlik asosida baholaydi.

Reytingga kirish uchun universitet ham bakalavr, ham magistratura darajalarida kadrlar tayyorlashi, davlat tomonidan rasman tan olinishi va eng muhimi, butun dunyodagi olimlar hamda yirik ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan mustaqil so‘rovnomalarda yuqori nufuzga (ijobiy imijga) ega bo‘lishi shart.

Fikrlar (0)
Avval yangilari