Prezident universitetdan 1 milliard dollar talab qilmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp Garvard universitetidan 1 milliard AQSH dollari (12 trillion 950 milliard so‘m) miqdorida kompensatsiya talab qilayotganini ma’lum qildi. Bu haqida u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Tramp ma’muriyati avvalroq Garvardni universitet hududida antisemitism (yahudiy millatiga mansub odamlarga nisbatan dushmanlik, nafrat, g‘arazgo‘ylik yoki kamsitish) ga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganlikda ayblagan. Prezidentning ta’kidlashicha, Garvard rahbariyati mas’uliyatdan qochish maqsadida turli tashabbuslarni ilgari surgan, biroq ular Oq uy tomonidan asossiz deb topilgan.
Prezident, shuningdek, ushbu masala fuqarolik emas, balki jinoyat qonunchiligi doirasida ko‘rib chiqilishi lozimligini ta’kidladi hamda universitetni “chuqur antisemitizm”da va “qonunni qo‘pol ravishda buzish”da aybladi. Uning yozishicha, universitet bilan ilgariroq 500 million dollardan ortiq miqdordagi kelishuv muhokama qilingan, ammo endi bu miqdor yetarli emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil mart oyida Oq uy ayrim Amerika universitetlarini yahudiy talabalarning xavfsizligini ta’minlamayotganlikda ayblab, moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qilgan. Garvard rahbariyati esa kadrlar va ta’lim siyosatiga oid talablarni ochiqchasiga rad etgan.
Avvalroq Tramp ma’muriyati Garvardga ajratilgan 2,2 milliard dollarlik grantlar va 60 million dollarlik uzoq muddatli shartnomalarni muzlatib qo‘ygani ma’lum qilingan. Shuningdek, universitetning xorijiy talabalarni qabul qilishi ham vaqtincha cheklangan.