Jahon banki 10 dan ortiq yo‘nalishlarda pul to‘lanadigan stajirovkalarga qabul e’lon qiladi

WBG Pioneers — bu Jahon banki guruhining bakalavriat va magistratura talabalariga tizimli o‘rganish va amaliy tajriba taklif etuvchi asosiy stajirovka dasturidir.
Loyiha iqtisodiyot, investitsiyalar, investitsiya portfelini boshqarish, inson taraqqiyoti (sog‘liqni saqlash, ta’lim, ovqatlanish va aholishunoslik), ijtimoiy fanlar (antropologiya, sotsiologiya), qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit, muhandislik, shaharsozlik, tabiiy resurslarni boshqarish, xususiy sektorni rivojlantirish va korporativ qo‘llab-quvvatlash (buxgalteriya hisobi, kommunikatsiyalar, inson resurslari, axborot texnologiyalari va moliya) kabi yo‘nalishlarga qiziquvchi nomzodlar uchun mo‘ljallangan.
Stajirovka davomida Jahon banki guruhining sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik, transport, raqamli texnologiyalar, energetika, xususiy sektorni rivojlantirish va korporativ qo‘llab-quvvatlash kabi turli yo‘nalishlaridagi davom etayotgan loyihalarga faol hissa qo‘shasiz. Bunda amaliy tajriba orttirasiz, professional ko‘nikmalaringizni rivojlantirasiz va hamkasblar bilan yaqin hamkorlikda ishlab, tashkilot global rivojlanish maqsadlarini qanday qo‘llab-quvvatlashini o‘rganasiz.
Qimmatli professional rivojlanishdan tashqari, sizga soatbay ish haqi to‘lanadi. Stajyorlar turar joy uchun o‘zlari javobgardirlar. Biznes ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda stajirovka Vashington (Kolumbiya okrugi) va Jahon banki guruhining mamlakatlardagi ofislarida amalga oshirilishi mumkin.
WBG Pioneers stajirovkasiga munosib bo‘lish uchun siz quyidagi talablarga javob berishingiz talab qilinadi:
➖Bakalavriat yo‘nalishi: Agar siz ushbu yo‘nalishga topshirayotgan bo‘lsangiz, bakalavriatning oxirgi bosqich talabasi bo‘lishingiz kerak.
➖Magistratura/aspirantura yo‘nalishi: Hozirda magistratura yoki Ph.D. darajasini olish uchun tahsil olayotgan talaba bo‘lishingiz kerak.
Ikkala yo‘nalishda ham professional tajribaga ega bo‘lishingiz mumkin. Kuchli kompyuter va boshqa texnik ko‘nikmalar arizangizning qabul qilinish ehtimolini oshiradi.
Ariza topshirish jarayoni qanday?
Sizdan quyidagi hujjatlarni yuklash so‘raladi:
- Rezyume (CV).
- Qiziqish bildirish xati (Statement of Interest).
- O‘qish joyidan ma’lumotnoma / Baholar tabeli (Transcript).
Arizalar 2026-yil 19-yanvardan 17-fevralgacha onlayn tarzda qabul qilinadi.
Bakalavriat bosqichida ariza topshirish uchun
Magistratura/PhD bosqichida ariza topshirish uchun
Bakalavriat yo‘nalishi uchun transkriptda sizning bitiruvchi kurs talabasi ekanligingiz, magistratura yo‘nalishi uchun esa **magistratura yoki Ph.D.**da o‘qiyotganingiz aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Arizangizni yuborganingizdan so‘ng unga hech qanday o‘zgartirish yoki yangilanishlar kiritib bo‘lmaydi. Sizga ariza raqamingiz ko‘rsatilgan tasdiqlovchi elektron pochta xabari keladi.
Agar siz suhbatga taklif qilinsangiz, bu haqida 2026-yilning martigacha xabar topasiz. Saralash 2026-yil mart oyida amalga oshiriladi. WBG Pioneers 2026 guruhi ishni 2026-yil aprelda boshlaydi. Stajirovka davri apreldan sentyabrgacha davom etadi va stajyorlar ushbu muddat ichida istalgan vaqtda ish boshlashlari mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Jahon banki guruhi stajirovka dasturi, jumladan, ariza topshirish jarayoni va nomzodlarni tanlashda nimalarga ahamiyat berilishi haqida ma’lumot sessiyalari ham tashkil qilib boradi. Eng oxirgi sessiya 4-fevral kuni O‘zbekiston vaqti bilan soat 21:00 da o‘tkaziladi. Ushbu havola orqali o‘tib ishtirok etishingiz mumkin.
Batafsil ma’lumot uchun: https://www.worldbank.org/en/about/careers/WBG-Pioneers