12:22, Iyul 24, 2026
/
4,6 тыс

Qabul 2026: tanlangan yo‘nalishlarni tahrirlash imkoni bormi?

Bugun, 24-iyul kuni davlat oliy hamda kasbiy ta’lim tashkilotlariga test topshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq yakuniga yetdi. Endi abituriyentlar 5 tagacha oliy ta’lim tashkiloti va ta’lim yo‘nalishi hamda har bir yo‘nalish uchun kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllarini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Yo‘nalishlarni bir OTT doirasida ham, turli OTTlar kesimida ham tanlash imkoniyati mavjud.

Tanlovni amalga oshirish va tasdiqlash tartibi qanday?


➖Rasmiy my.uzbmb.uz platformasiga kiriladi;
➖“Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul” bo‘limi tanlanib, “Xizmatdan foydalanish” hamda “OTT tanlash” tugmalari bosiladi;
➖Tanlov ustuvorligi hamda mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha tanlov belgilanadi;
➖Fanlar majmuasiga mos yo‘nalishlar hamda ta’lim shakllari tanlanib, “Saqlash” tugmasi bosiladi;
➖Telefon raqamga yuborilgan SMS-kod kiritilgach, tanlov tasdiqlanadi va “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi.

Tanlov ma’lumotlarini 8-avgustga qadar istalgan vaqtda o‘zgartirish mumkin. Belgilangan muddat yakunlangach, kiritilgan ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritish imkoni bo‘lmaydi.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tanlov yakunlangach shakllangan “Abituriyent qayd varaqasi”ni yuklab olib saqlab qo‘yishni ham tavsiya etmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari