09:05, Sentabr 25, 2026
/
3,5 тыс

Qaysi holatlarda o‘qishni ko‘chirolmaysiz va qayta tiklolmaysiz?

O‘qishini boshqa OTMga ko‘chirmoqchi yoki avvalgi o‘qishini qayta tiklamoqchi bo‘lgan talabalar ayrim holatlarda rad javobiga duch kelishi mumkin. Bunday holatlar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda aniq belgilangan.

Xususan, nizomning 3-ilovasi 10-bandida fuqaroning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladigan holatlar sanab o‘tilgan.

Qaysi holatlarda rad etiladi?

1. Akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OTMda o‘qilgan bo‘lsa

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlari yoki ularning filiallarida tahsil olgan fuqarolarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizasi rad etiladi.

2. OTMning markaz yoki bo‘limlarida tahsil olingan bo‘lsa

OTMlarning markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va shu kabi tuzilmalarida o‘qiganlarning arizasi ham rad etilishi mumkin.

3. Birinchi kursning birinchi semestriga ko‘chirish so‘ralsa

Odatda talabaning o‘qishini 1-kurs 1-semestriga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Biroq nizomda ayrim istisnolar ham bor. Jumladan, talaba kasalligi sababli akademik ta’til olgan bo‘lsa, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmasa yoki gap o‘qishni ko‘chirib tiklash haqida ketsa, mazkur cheklov qo‘llanmaydi.

4. Tanlangan OTMda mos yo‘nalish yoki ta’lim shakli bo‘lmasa

Agar talaba o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotida uning yo‘nalishiga mos yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi yoxud tegishli ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa, ariza rad etiladi.

5. Kontrakt to‘lovi belgilangan muddatda amalga oshirilmasa

To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talaba belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmasa, o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash rad etilishi mumkin.

6. Akademik ma’lumotnoma yoki shaxsiy yig‘majild vaqtida taqdim etilmasa

Talabaning shaxsiy yig‘majildi yoki akademik ma’lumotnomasi belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan holatda ham arizaga rad javobi berilishi mumkin.

7. Grant bo‘yicha bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lmasa

Agar talaba davlat granti asosida o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashni istasa, tegishli qabul parametrlari doirasida davlat granti bo‘yicha bo‘sh o‘rin bo‘lishi kerak.

Bunday bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lmasa, grant asosida ko‘chirish yoki qayta tiklash rad etiladi.

8. OTMning moddiy-texnik imkoniyati cheklangan bo‘lsa

Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasi imkoniyatlari cheklangan holat ham arizani rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

9. Maqsadli qabul asosida o‘qiyotgan bo‘lsa

Maqsadli qabul asosida talabalikka qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishiga, boshqa ta’lim shakliga yoki boshqa OTMga o‘qishini ko‘chira olmaydi.

10. Maxsus sirtqi ta’lim bo‘yicha ayrim ko‘chirishlar

Bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga, shuningdek maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

11. Qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan bo‘lsa

O‘zbekiston va xorijiy OTMlar o‘rtasidagi kelishuv asosida qabul qilingan hamda qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan yoki tahsil olgan talabalar uchun ham cheklov mavjud. Bunda mazkur qo‘shma dasturning o‘ziga nisbatan ushbu cheklov qo‘llanmaydi.

Yana bir muhim talab

Nizomda talaba o‘qimagan semestrdan keyingi semestrga o‘qishga tavsiya etilishi mumkin emasligi ham belgilangan.

Shuningdek, talabaning o‘qishini muayyan kurs yoki semestrdan davom ettirishida fanlar farqi ham hisobga olinadi. Reyting tizimida umumkasbiy va ixtisoslik fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi, kredit tizimida esa tegishli yo‘nalish bo‘yicha GPA 2,4 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi. Ushbu talablar bajarilmasa, talaba o‘qishini quyi kurs yoki semestrdan davom ettirishiga ruxsat berilishi mumkin.

Qayta tiklashda ham alohida cheklov bor

Talaba o‘qishdan chetlashtirilgan o‘quv yilining o‘zida, ya’ni o‘qigan kursi yoki semestriga qayta tiklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab nizomning 48-bandida belgilangan.

Demak, o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash uchun faqat ariza topshirishning o‘zi yetarli emas. Tanlangan OTMdagi yo‘nalish va ta’lim shakli, hujjatlarning o‘z vaqtida taqdim etilishi, kontrakt to‘lovi, grant o‘rinlari hamda boshqa belgilangan talablar ham inobatga olinadi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari