10:31, Aprel 23, 2026
/
241

Endi B2 sertifikati bor yoshlarga “qizil pasport”ni olishda 50% chegirma berilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi bilan tanishdi. Unda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha bir qator yangi takliflar ilgari surildi.

Strategiyaga ko‘ra, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida B2 darajasidagi sertifikatga ega yoshlar uchun xorijga chiqish pasportini (“qizil pasport”) rasmiylashtirish bo‘yicha davlat boji 50 foizga kamaytirilishi mumkin. Shuningdek, C1 darajasiga ega yoshlar va tadbirkorlik tashabbusi bilan chiqqan yigit-qizlar uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarida ham 50 foizli chegirmalar joriy etilishi rejalashtirilgan.

Taqdimotda 2030-yilga qadar 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, 900 ming yoshni volontyorlikka jalb qilish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi. Shu bilan birga, mamlakatimiz bo‘ylab o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida Garvard, Stenford, MIT va London biznes maktabi kabi nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming nafar yoshni o‘qitiladi. Hamda Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkazilib, Robototexnika assotsiatsiyasi faoliyatini kengaytirish belgilangan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari