10:22, Sentabr 30, 2026
/
441

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun qo‘shimcha qabul kvotasi e’lon qilindi

2026/2027-o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston yoshlari oliy ta’limga kirishda ikkita qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

500 ta maqsadli qabul o‘rni

Davlat komissiyasining tegishli bayoniga muvofiq, 2026-yil 2-6-oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi, kirish imtihonlarida 68 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan hamda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shakliga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar 500 ta maqsadli qabul parametri uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Abituriyentlar o‘zlari talabalikka tavsiya etilgan oliy ta’lim tashkiloti va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Maqsadli qabul parametrlari bo‘yicha tanlov abituriyentlarning kirish imtihonlarida to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

6 500 ta qo‘shimcha qabul o‘rni

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining murojaatiga muvofiq, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan viloyatlardagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha 6 500 ta qabul parametri tasdiqlandi.

Mazkur qo‘shimcha qabul parametrlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlagan, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantiriladi.

Tanlov yakunlari bo‘yicha qaydnomalar tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari