14:01, Iyun 29, 2026
/
384

Rasmiy izoh: Talabalar yotoqxonalari sotuvga qo‘yilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng Oliy ta’lim vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, auksionga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki yotoqxonalardagi foydalanilmayotgan yordamchi maydonlar yerto‘la, oshxona, hovli qismi, bufet va boshqa bo‘sh joylar ijaraga berish uchun chiqarilgan. Bu talabalar uchun yotoq o‘rinlari qisqarishiga ta’sir qilmaydi.

Xususan,
– Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar turar joyining hovli qismidagi 69,8 kv.m bo‘sh maydon;
– Farg‘ona davlat universitetida yerto‘ladagi 40 kv.m bo‘sh xona;
– Guliston davlat universitetidagi 37 va 52 kv.m bo‘sh xonalar;
– Urganch davlat universitetidagi 36 kv.m oshxona;
– Farg‘ona davlat texnika universitetidagi oshxona binosi;
– Termiz davlat universiteti hududidagi texnologik maydon ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan.

Shu bilan birga, Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining Toshkentdagi ikkita o‘quv binosi elektron auksionga chiqarildi.

Ushbu binolar, 20-iyuldan auksionga qo‘yiladi va xaridor ularda nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi shart.

Binolar universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilgach bo‘shatiladi (reja bo‘yicha 2027-yil oxirigacha).

Ma’lumot o’rnida, 2022–2025-yillarda respublika bo‘yicha 74 mingdan ortiq yangi yotoqxona o‘rinlari yaratildi. 2026-yilda esa yana 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari