San’at va madaniyat yo‘nalishi talabalarining startaplari moliyalashtiriladi

Xabaringiz bor, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashib, ularning bir guruhini mukofotladi. Uchrashuvda san’at hamda madaniyat sohasida ta’lim olayotgan talabalar uchun ham bir qancha yangiliklar e’lon qilindi.
Xususan, endilikda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi talabalarining startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida davlat tomonidan jami 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, 10 ta oliygoh rektorlari zimmasiga har bir talaba bilan individual tartibda ishlash vazifasi yuklatildi. Endilikda oliygoh rahbarlari yoshlarning shaxsiy brendini shakllantirish, ularning ijodiy namunalari translyatsiyasi hamda sotuvini tashkil etish, potensial hamkorlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoniga dual tizim tatbiq etiladi va har bir talabaga sohaning taniqli ijodkorlari biriktiriladi. Ustoz san’atkorlar yosh iste’dodlarni o‘zlarining professional teatr tomoshalari, konsert va shou-dasturlariga jalb etgan holda, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri katta sahnaga tayyorlab borishlari uchun zarur sharoitlarni yaratadi.
Mazkur jarayonga jalb qilinadigan ustoz ijodkorlarning mehnati munosib rag‘batlantirilib, ularga oliygoh professor-o‘qituvchilari bilan teng miqdorda ish haqi to‘lanadi. Agar taniqli ijodkorlar oliy ta’lim muassasasida bevosita dars beradigan bo‘lsalar, ularning oylik lavozim maoshlariga 50 foizlik ustama qo‘shib beriladi.
Sohadagi o‘quv rejalari ham zamon talablariga moslashtirilib, ta’lim dasturlariga “Art-menejment”, “Kreativ industriya” hamda “Loyihalarni tijoratlashtirish” kabi yangi va dolzarb fanlar kiritiladi. Madaniyat menejmenti, kinoindustriya, moda va dizayn kabi yo‘nalishlarda dars berish hamda xalqaro tajribani ulashish uchun xorijdan 50 nafar tajribali mutaxassis va o‘qituvchi taklif etiladi.
Tizimda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha yaxlit zanjir yaratish maqsadida tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Bugungi kunda tarqoq hisoblangan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda San’at va madaniyat instituti huzuridagi tegishli markazlar birlashtirilib, ularning negizida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Soha xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.