Sentyabrning “oltin” savoli: 1-kurslarga stipendiya qachon tushadi?

“Stipendiya qachon tushadi?” Bu oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan 1-kurs talabalari tomonidan eng ko‘p beriladigan savollardan biri hisoblanadi. Quyida ushbu masalaga rasmiy normativ hujjatlar asosida oydinlik kiritamiz.
Birinchi stipendiya qachon to‘lanadi?
Odatda, 1-kurs talabalariga dastlabki stipendiya to‘lovlari sentyabr oyining o‘zida emas, balki oktyabr oyining o‘rtalari yoki oxirida amalga oshiriladi. Bunda rasmiylashtirish jarayonlari sababli kechiktirilgan sentyabr oyi uchun ham hisob-kitob qilinib, ko‘plab oliy ta’lim tashkilotlarida talabaga ikki oylik mablag‘ birdaniga to‘lab beriladi.
Nega aynan sentyabr oyida tushmaydi?
Bunga asosiy sabab – byurokratik hujjatlashtirish va to‘lov-shartnoma shartlarining bajarilishidir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 9-bandida shunday belgilangan:
“Oliy taʼlim muassasalarida stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga stipendiyalar belgilangan tartibda ular tomonidan toʻlov-kontrakt summasi toʻlanganidan keyin beriladi.”.
Aynan shu qoida sababli, agar talaba stipendiyali-kontraktni tanlagan taqdirda universitet buxgalteriyasi 1-kurs talabasi o‘z kontraktining belgilangan qismini to‘laganini tizimda ko‘rmaguncha, unga stipendiya yoza olmaydi. Talabalar guruhlarini shakllantirish, bank plastik kartalarini ochish va shartnoma to‘lovlarini qabul qilish kabi jarayonlar asosan sentyabr oyida amalga oshirilgani bois, dastlabki to‘lovlar keyingi oyga qoldiriladi.
1-kurslarga qancha stipendiya to‘lanadi?
Ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiq, o‘quv yilining birinchi semestrida (qishki sessiya imtihonlarigacha) barcha 1-kurs talabalariga (davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga birdek) stipendiyaning bazaviy miqdori tayinlanadi va to‘lanadi. Hozirda bazaviy stipendiya miqdori oyiga 609 ming so‘mni tashkil etadi. Qishki sessiya yakunlariga ko‘ra esa, talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan (baholaridan) kelib chiqib, tabaqalashtirilgan (a’lo va yaxshi baholar uchun yuqoriroq) stipendiyalar qayta hisoblab chiqiladi.
Xulosa qilib aytganda, 1-kurs talabalari dastlabki to‘lov kechikayotganidan xavotir olishlariga o‘rin yo‘q. Shartnoma to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirib, bank kartangizni olganingizdan so‘ng, barcha to‘lovlar to‘liq qoplab beriladi.
Ra’no Nusratilloyeva