12:38, Avgust 19, 2026
/
11,0 тыс

Sertifikat bilan talabalikni “naqd qilaman” deb ko‘p ham xayolga berilmang

Milliy sertifikat olib, OTMga kirishda yuqori ballni oldindan “naqd” qilib qo‘yaman, deb o‘ylayotgan abituriyentlar uchun muhim yangilik bor. Sertifikat uchun maksimal ball berishning amaldagi mexanizmi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bunga milliy sertifikat bilan oliy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni yil sayin oshib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Ushbu xabarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov 2026/2027-o‘quv yili qabul natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Nega sertifikat tizimi qayta ko‘rib chiqilyapti?

So‘nggi yillarda abituriyentlar orasida milliy va xalqaro sertifikat olishga qiziqish sezilarli oshdi. Ayrim o‘quvchilar hatto bitiruvchi sinfga yetmasdan turib, kerakli fanlardan sertifikatlarni birma-bir yig‘ishni boshlamoqda.

Bu, bir tomondan, ijobiy holat. Chunki milliy sertifikatni olish oddiy testda tavakkal qilib javob belgilash bilan bir xil emas.

Sardor Rajabovning tushuntirishicha, OTMga kirish testlarida asosan yopiq savollar beriladi. Milliy sertifikat imtihonlarida esa ochiq topshiriqlar ham mavjud, natijalar xalqaro baholash metodikasi – Rash modeli asosida hisoblanadi. Ya’ni sertifikatda shunchaki taxmin qilib yuqori natija olish imkoniyati ancha kam.

Muammo qayerda?

Gap sertifikatning o‘zida emas, balki sertifikat natijasi uchun beriladigan maksimal ballda. Sertifikatli abituriyentlar soni ko‘paygani sari ko‘plab talabgorlar bir xil yuqori ball atrofida to‘planib qolishi mumkin. Bu esa raqobat va o‘tish ballarining shakllanishiga bevosita ta’sir qiladi. Shu sabab ayni paytda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi maksimal ball berish tartibini tahlil qilmoqda.

Hozircha tartib qanday o‘zgarishi, maksimal ball kamaytirilishi yoki boshqa mexanizm joriy etilishi haqida yakuniy qaror yo‘q.

Kelajakda testlar kamayishi ham mumkinmi?

Vazir o‘rinbosarining fikricha, agar hozirgi tendensiya davom etsa, bir necha yildan keyin milliy sertifikat bilan hujjat topshiradigan abituriyentlar soni odatiy kirish testida qatnashadiganlardan ham ko‘payishi mumkin.

Bu esa kelajakda qabul tizimining o‘zi ham o‘zgarishi mumkinligini anglatadi.

Ammo hozircha davlat test sinovlarini qisqartirish yoki ulardan voz kechish bo‘yicha hech qanday qaror e’lon qilingani yo‘q.

Qisqasi, sertifikat olishga tayyorlanayotgan bo‘lsangiz, rejangizni o‘zgartirishga shoshilmang. Lekin “sertifikatni olsam, maksimal ball cho‘ntakda, talabalik ham aniq” degan hisobga ham ortiqcha suyanib qolmaslik kerak. Kelasi yilga borib ball berish mexanizmi o‘zgarishi ehtimoli bor.

Fikrlar (0)
Avval yangilari