“Sezon” davom etmoqda: tibbiyotga “kiritib qo‘yish” narxi – 4 500 dollar!

Toshkent shahrida fuqaroni tibbiyot sohasidagi oliy ta’lim muassasasining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs 3 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. U bu “xizmat” uchun jami 4 500 dollar so‘ragan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir Uchtepa tumanida o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, 2000-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan fuqaro 2004-yilda tug‘ilgan shaxsning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 4 500 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan pulning bir qismi – 3 ming dollarni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur mablag‘ Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha 35 million 910 ming so‘mga teng.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.