14:08, Iyun 5, 2026
/
329

“Sezon”ning yangi qurbonlari: Koreyaga o‘qishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon va Namangan viloyatlari boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolarni Janubiy Koreyaga o‘qishga yuborishni va’da qilib, pul olgan shaxslar fosh etildi.

Tezkor tadbirlar davomida Andijon viloyatidagi nodavlat ta’lim muassasasi rahbarining 14 nafar fuqarodan ishchi viza olib berish bahonasida 44,1 ming dollar olgani aniqlandi. Namanganda esa MCHJ rahbari 2 nafar fuqaroni Koreyada magistraturaga o‘qishga va ishga joylashtirish uchun 11 ming dollar olgan vaqtida mas’ul xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Agar Siz ham o‘qishga kirishda qonunbuzarliklar yoki firibgarlikka duch kelsangiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar organlari (102 raqami orqali), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining murojaat platformalari orqali, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga murojat qiling!

Fikrlar (0)
Avval yangilari