Shaxmatdagi chempionlar qaysi oliygohlarda o‘qiydi?

Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 27-sentyabr kuni yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu terma jamoamizning 2022-yilda Chennayda qo‘lga kiritilgan oltindan keyingi ikkinchi Olimpiada chempionligi bo‘ldi.
Asosiy tarkibda Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muxiddin Madaminov ishtirok etdi. Jamoaga sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov sardorlik qildi.
Qayd etish joiz, asosiy tarkibdagi shaxmatchilarning aksariyati 2002–2006-yillarda tug‘ilgan. Ularning ayrimlari hozir ham oliygohlarda tahsil olmoqda.
Ikki chempion Turin politexnika universiteti talabasi
Jamoaning ikki yetakchi vakili – Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov – Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida tahsil olmoqda.
Javohir Sindarov 2005-yil 8-dekabrda Toshkentda tug‘ilgan. U O‘zbekiston chempioni, 2025-yilgi Jahon kubogi g‘olibi hamda 2026-yilgi Nomzodlar turniri g‘olibi.
Nodirbek Abdusattorov 2004-yil 18-sentyabrda tug‘ilgan. U tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan va 2022-yilda Chennayda o‘tkazilgan Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Keyingi Ikki shaxmatchining ta’limi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan bog‘liq.
Nodirbek Yoqubboyev 2002-yil 23-yanvarda Xorazmda (ba’zi manbalarda Toshkent shahrida) tug‘ilgan. U Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan.
Yoqubboyev 2016, 2018 va 2020-yillarda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u 2022-yilda Chennayda oltin medalni qo‘lga kiritgan terma jamoa tarkibida ham ishtirok etgan.
Terma jamoa sardori Rustam Qosimjonov ham O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. U universitetning Informatika fakultetida tahsil olgan.
Qosimjonov 2004–2005-yillarda FIDE yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni, 1998-yilda esa Osiyo chempioni bo‘lgan.
Shamsiddin Vohidov – sport universiteti bitiruvchisi
Shamsiddin Vohidov 2002-yil 11-yanvarda tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil olgan.
Vohidov 2015-yilda 14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. 2020-yilda esa xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan.
Tarkibning eng yosh a’zosi Muxiddin Madaminovning qaysi oliygohda tahsil olgani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident farmoni bilan shaxmatchilar faxriy unvon va mukofotlar bilan taqdirlandi:
“O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni: Muhiddin Madaminov.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni: Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni: Rustam Qosimjanov, Samandar Shermuhammadov.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni: Komil Sindarov.
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni: Javohir Sindarov.
Dilnoza Zaripova