Oʻzbekiston Shvetsiyada bepul taʼlim olish huquqiga ega mamlakatlar roʻyxatiga kiritildi

Oʻzbekiston Swedish Institute Scholarships for Global Professionals (SISGP) dasturi doirasida Shvetsiyada nufuzli magistratura dasturlarida bepul taʼlim olish huquqiga ega mamlakatlar roʻyxatiga kiritildi. Ushbu stipendiya dasturi rivojlanayotgan mamlakatlardan boʻlgan, barqaror rivojlanishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan kelajak liderlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Dastur Shvetsiyaning 29 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan ingliz tilidagi magistratura dasturlarini qamrab oladi. Ular orasida Yevropa top-universitetlari qatoriga kiruvchi KTH, Lund University, Uppsala University, Karolinska Institute, Chalmers University va boshqalar mavjud.
Oʻzbekiston fuqarolari quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha shved universitetlarining magistratura dasturlariga hujjat topshirishlari mumkin:
➖davlat boshqaruvi;
➖tibbiyot;
➖tadbirkorlik va innovatsiyalar;
➖STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika).
Tanlov qoidalariga muvofiq, oʻqish dasturini tanlash nomzod ixtiyorida qoladi. Shu bilan birga, odatda barqaror rivojlanish ustuvor yoʻnalishlariga mos keladigan hamda olingan bilimlarni nomzodning oʻz mamlakatida amaliy qoʻllash imkoniyatini koʻrsatib beradigan arizalarga ustunlik beriladi.
Ariza topshirish tartibi ikki parallel bosqichdan iborat:
✅ nomzod tomonidan magistratura dasturini tanlash (Bunda birinchi tanlov sifatida eng maqbul universitet koʻrsatilishi muhim);
✅ tanlangan magistratura dasturlari boʻyicha universitetlarga markazlashgan platforma orqali hujjat topshirish (Ushbu jarayon 2026-yil 15-yanvargacha davom etadi);
✅ Shvetsiya instituti stipendiyasi uchun ariza topshirish — 2026-yil 9–25-fevral kunlari.
Shvetsiya instituti — Shvetsiya haqida global miqyosda axborot tarqatish, shuningdek, madaniyat, taʼlim, fan, demokratiya va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi davlat tashkilotidir.
Nomzodlarga qoʻyiladigan asosiy talablar:
✅tugallangan oliy maʼlumot (kamida bakalavr darajasi);
✅ingliz tilini belgilangan darajada bilish;
✅tasdiqlangan professional tajriba (oʻqish yoʻnalishiga mos ish tajribasi — kamida 1 yil);
✅liderlik sifatlari va olingan bilimlarni Oʻzbekistonda amalga oshirish salohiyatini namoyon etuvchi motivatsion xat.