Startaplarga 5 mlrd so‘mgacha foizsiz va garovsiz mablag‘ beriladi

O‘zbekistonda startap loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi dastur ishga tushiriladi.
2027–2030-yillarda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida ustuvor yo‘nalishlardagi 30 tagacha startap ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi.
Eng katta imkoniyat – har bir startapga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Mablag‘:
– 3 yil muddatga;
– foizsiz;
– garovsiz beriladi.
Biroq bu pul beg‘araz grant emas. Mablag‘ kelgusida kompaniyadagi ulushga aylantiriladigan qarz yoki SAFE investitsiyasi shaklida kiritiladi.
Ya’ni startap muvaffaqiyatli rivojlansa, “UzVC” kiritgan mablag‘i evaziga kompaniyadan ulush olishi mumkin. Davlat ulushi 49 foizdan oshmaydi.
Qaysi startaplar uchun?
Dasturda quyidagi 8 yo‘nalish ustuvor hisoblanadi:
- Elektrotexnika – elektronika, sanoat sensorlari, “aqlli uy” va “aqlli shahar” texnologiyalari;
- Mashinasozlik va uskunasozlik – robototexnika, avtomatlashtirish, avtonom transport va agrotexnika;
- Farmatsevtika – biotexnologiya, dori vositalari, tibbiy buyum va uskunalar;
- Kimyo sanoati – yangi avlod o‘g‘itlari, biopolimerlar, nanomateriallar va batareya texnologiyalari;
- Qurilish materiallari – energiya tejamkor va kompozit materiallar;
- Suv va energiya tejovchi texnologiyalar – AI asosidagi sug‘orish, suvni tozalash, quyosh energetikasi va energiya samaradorligi;
- Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar – resurslarni tejovchi va tahliliy texnologiyalar;
- Aerokosmos – dronlar, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, geoinformatsion tizimlar va masofaviy zondlash.
Startaplar uchun yana qanday imkoniyatlar bor?
Tanlovdan o‘tgan loyihalarga “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi qo‘llanadi. Bu yangi mahsulot va texnologiyalarni maxsus sharoitlarda sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.
Shuningdek, davlat tashkilotlari va sanoat uyushmalari startaplarning korxonalar bilan tajriba-sinov ishlarini olib borishi va buyurtma shartnomalari tuzishiga ko‘maklashadi.
Investorlar uchun ham imtiyoz
Startapga investitsiya kiritgan jismoniy shaxslarga “Startap investori” (Business Angel) maqomi beriladi.
Bunday investorlarning startapdagi ulushini sotishdan olgan daromadi 3 yil va undan ko‘proq muddat saqlangan taqdirda daromad solig‘idan ozod qilinadi.