TDIUda oshirilgan super-kontrakt qanchadan boshlanishi kutilmoqda?

Yangi o‘quv yili arafasida abituriyent va talabalarni qiziqtirayotgan asosiy masalalardan biri, kontrakt to‘lovlari miqdori. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2026-2027-o‘quv yili uchun kontrakt narxlari bo‘yicha ham o‘zgarishlar kutilmoqda.
Joriy o‘quv yilida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida kontrakt 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi. Bu haqida oliy ta’lim muassasasi rektori To‘lqin Teshaboyev ma’lum qildi.
22-avgust kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga joylashtirish markazi faoliyatiga bag‘ishlangan press-tur bo‘lib o‘tdi. Press-tur davomida yangi o‘quv yilida kutilayotgan o‘zgarishlar, talabalarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ham ma’lumot berib o‘tildi. Jumladan, oliygoh rektori To‘lqin Teshaboyev 2026-2027-o‘quv yilida kontrakt narxlari o‘tgan yilgiga nisbatan 10 foizdan 20 foizgacha oshirilishi rejalashtirilganini haqida aytib o‘tdi.
“Joriy yilgi kontrakt narxlari yuzasidan universitet kengashida yig‘ilish o‘tkazdik. Ushbu yig‘ilishda bu yilgi o‘quv yilida kontrakt summalarini 10 foizdan 20 foizgacha oshirishni ko‘rib chiqdik. Ya’ni, yangi o‘quv yilida kontrakt narxlari yo‘nalishlarga qarab, o‘tgan yilgiga nisbatan 10-20 foiz miqdorida oshiriladi. Chunki Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti moliyaviy mustaqil hisoblanadi va barcha xarajatlar – qurilish, oylik-maoshlar, hammasi universitet hisobidan qoplanadi. Biz davlatdan pul olmaymiz”, – deydi rektor.
Agar TDIU rektori To‘lqin Teshaboyev aytganidek, kontrakt narxlari oshirilsa, 2025/2026 va 2026/2027-o‘quv yillari kontrakt miqdorlarini taqqoslaganda, ayrim yo‘nalishlarda quyidagicha o‘zgarish kuzatiladi. Masalan, Iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shakli uchun kontrakt miqdori 2025/2026-o‘quv yilida 10 mln 500 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 20 foizga oshirilgan taqdirda, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 12 mln 600 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun super-kontrakt qiymati o‘sha yo‘nalish bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining kamida 3 baravari etib belgilanadi, ya’ni iqtisodiyot yo‘nalishi bazaviy kontrakt miqdori 12 mln 600 mingni tashkil qilsa, 3 barobari taxminan 37 mln 800 ming so‘mdan boshlanadi.
Super-kontrakt narxlari haqida to‘liq ma’lumot arizalarga qarab 2026-yildagi ilmiy kengashda belgilanishi nazarda tutilgan haqida rektor press-turda aytib o‘tgan.