10:15, Avgust 3, 2026
/
2,0 тыс

Mandatdan oldin bilishingiz shart: super-kontrakt hammaga ham berilmaydi

2026-2027-o‘quv yili uchun yakuniy tanlov – mandat natijalari hali e’lon qilinmagan. Ayni paytda abituriyentlar to‘plagan ballaridan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkilotlari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlamoqda.

Shu sababli abituriyentlar yakuniy natijalarga ko‘ra o‘qishga tavsiya etilmagan taqdirda qanday imkoniyatlardan foydalanishi mumkinligini oldindan bilib qo‘yishi muhim.

Shunday imkoniyatlardan biri – xalq orasida “super-kontrakt” deb ataladigan qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinish tartibidir.

Super-kontrakt nima?

“Super-kontrakt” rasmiy atama hisoblanmaydi. Amaldagi hujjatlarda ushbu tartib qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt deb yuritiladi.

Mazkur tartib yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra davlat granti yoki bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilmagan ayrim abituriyentlarga oshirilgan kontrakt miqdorini to‘lash orqali talaba bo‘lish imkonini beradi.

Biroq super-kontrakt barcha o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlarga avtomatik ravishda taqdim etilmaydi. Bunda abituriyentning to‘plagan bali, tanlangan yo‘nalishdagi o‘tish bali, OTMning imkoniyati hamda belgilangan minimal talablar hisobga olinadi.

Super-kontraktda o‘qish uchun qancha ball kerak?

Super-kontrakt imkoniyatidan foydalanish uchun abituriyent test sinovida kamida 56,7 ball to‘plagan bo‘lishi kerak. Testda ishtirok etishning o‘zi yetarli emas.

Shu sababli “1 ball olgan abituriyent ham super-kontraktda o‘qishi mumkin” degan ma’lumot amaldagi tartibga muvofiq emas.

Yakuniy mandat natijalariga ko‘ra o‘qishga tavsiya etilmagan, biroq 56,7 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt imkoniyatidan foydalanishi mumkin.

O‘tish baliga 4 ballgacha yetmaganlar qancha to‘laydi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, minimal balldan kam bo‘lmagan natija ko‘rsatgan va asosiy qabul chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha kontrakt miqdori quyidagicha belgilanadi:

– 1,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy kontraktning 1,5 baravari;

– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar uchun – 2 baravari;

– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 baravari;

– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar uchun – 3 baravari.

Hisoblashga misol

Agar muayyan ta’lim yo‘nalishida o‘tish bali 140 ball, bazaviy kontrakt miqdori esa 10 million so‘m bo‘lsa:

– 139 ball to‘plagan abituriyent uchun kontrakt miqdori 15 million so‘m;

– 138 ball to‘plagan abituriyent uchun 20 million so‘m;

– 137 ball to‘plagan abituriyent uchun 25 million so‘m;

– 136 ball atrofida natija ko‘rsatgan abituriyent uchun 30 million so‘m bo‘lishi mumkin.

Aniq hisob-kitob abituriyentga o‘tish bali uchun qancha ball yetmaganidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

O‘tish baliga 4 balldan ko‘proq yetmasa-chi?

Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal balldan kam bo‘lmagan natija ko‘rsatgan, biroq asosiy va qo‘shimcha qabul doirasida o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyent tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin.

Bunday holatda kontrakt miqdorini oliy ta’lim tashkiloti rektori yoki direktori belgilaydi. Shu sababli barcha OTM va ta’lim yo‘nalishlari uchun yagona super-kontrakt narxi mavjud emas.

Joriy o‘quv yili uchun aniq miqdorlar mandat natijalari e’lon qilingach, tegishli oliy ta’lim tashkilotlarining rasmiy axborot manbalarida ma’lum qilinadi.

Super-kontrakt uchun qayerga murojaat qilinadi?

Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra o‘qishga tavsiya etilmagan va tabaqalashtirilgan kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyent tegishli oliy ta’lim tashkilotiga murojaat qiladi.

Ariza topshirish, shartnoma rasmiylashtirish va to‘lovni amalga oshirish muddatlari vakolatli tashkilotlar hamda OTMlar tomonidan alohida e’lon qilinadi.

Shu sababli abituriyentlar mandat natijalari e’lon qilingach, o‘zlari tanlagan oliy ta’lim tashkilotining rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borishlari tavsiya etiladi.

To‘lovni birdaniga to‘liq to‘lash shartmi?

Abituriyentni o‘qishga qabul qilish uchun birinchi o‘quv yiliga belgilangan qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan kontrakt miqdorining kamida 50 foizi Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda to‘lanishi kerak.

Shundan so‘ng abituriyent OTM rektori yoki direktorining buyrug‘i asosida o‘qishga qabul qilinadi. To‘lovning qolgan qismini amalga oshirish tartibi shartnomada belgilanadi.

Super-kontrakt har yili to‘lanadimi?

Qo‘shimcha yoki tabaqalashtirilgan kontrakt miqdori faqat birinchi o‘quv yili uchun amal qiladi.

Talaba birinchi o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagach, keyingi kurslardan boshlab umumiy tartibda belgilangan bazaviy kontrakt miqdorini to‘lab o‘qishini davom ettiradi.

Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olish mumkinmi?

Davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli ta’lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni moliyalashtirish uchun berilmaydi.

Biroq ayrim tijorat banklarida boshqa turdagi kredit mahsulotlari mavjud bo‘lishi mumkin. Ularning foiz stavkasi, muddati va boshqa shartlari bank tomonidan mustaqil belgilanadi.

Kontraktning “10 yoki 15 baravari” qanday hisoblanadi?

Kontraktning 10, 15 yoki 20 baravari deganda bazaviy hisoblash miqdori yoki eng kam ish haqi nazarda tutilmaydi.

Hisob-kitob aynan abituriyent tanlagan ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan bazaviy kontrakt miqdoriga nisbatan amalga oshiriladi.

Masalan, bazaviy kontrakt 10 million so‘m bo‘lsa:

– 10 baravari – 100 million so‘m;

– 15 baravari – 150 million so‘m;

– 20 baravari – 200 million so‘mni tashkil etadi.

Hozir abituriyent nima qilishi kerak?

Yakuniy mandat hali e’lon qilinmagan. Shu sababli hozirdanoq faqat super-kontraktga umid bog‘lash to‘g‘ri emas.

Abituriyentlar, avvalo, to‘plagan ballarini o‘tgan yillardagi o‘tish ballari bilan solishtirib, o‘qishga kirish ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan OTM va ta’lim yo‘nalishlarini to‘g‘ri tanlashlari kerak.

2026/2027-o‘quv yili uchun OTM, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash jarayoni 8-avgustga qadar davom etadi. Yakuniy mandat yo‘nalish tanlash bosqichi tugaganidan keyin shakllantiriladi.

To‘plagan balingiz qaysi oliy ta’lim tashkilotlari va ta’lim yo‘nalishlariga yetishi mumkinligini @Avlodmediabot orqali oldindan bilib olishingiz mumkin.

Bot orqali:

– balingizga mos OTM va ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash;

– o‘tgan yillardagi o‘tish ballari bilan tanishish;

– mutaxassisga savol yuborish;

– o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni olish imkoniyati mavjud.

O‘tgan yillardagi ballar joriy yilgi natijani kafolatlamaydi, biroq yo‘nalishlarni imkoniyatdan kelib chiqib tanlashga yordam beradi.

Hali imkoniyat bor. Balingizni to‘g‘ri baholab, 8-avgustga qadar OTM va ta’lim yo‘nalishlarini puxta tanlang.

Bot manzili: @Avlodmediabot

Fikrlar (0)
Avval yangilari