Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 10 yilga qamaldi (video)

Suriyadagi qurolli guruhlar safiga qo‘shilishga uringan va terrorizmni moliyalashtirgan O‘zbekiston fuqarosi 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1995-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro 2017-yilda Janubiy Koreyadagi universitetlardan biriga o‘qishga kirgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, u xorijda tahsil olayotgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik mazmundagi audio va videomateriallarni muntazam kuzata boshlagan. Keyinchalik Suriyada faoliyat yurituvchi terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslar bilan Instagram va Telegram orqali muloqotga kirishgan hamda ularning materiallarini tarqatgan.
Universitetni tamomlagach, fuqaro Janubiy Koreyada qolgan. Shu davrda u terroristik tashkilot bilan aloqador media blogerga pul mablag‘lari yuborgan.
2023-yil dekabr oyida O‘zbekistonga qaytgan fuqaro 2024-yil iyulida Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga borgan. Biroq uning rejasi amalga oshmagan va u O‘zbekistonga qaytgan.
Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud qanday hukm chiqardi?
Sud uni Jinoyat kodeksining bir nechta moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan.
Jumladan:
– jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish;
– taqiqlangan diniy-ekstremistik tashkilotlarda ishtirok etish;
– terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida xorijga chiqish yoki harakatlanish;
– terrorizmni moliyalashtirish.
Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.