09:27, Mart 25, 2026
/
494

Talaba qiz yotoqxonada dunyoga keltirgan farzandini o‘ldirdi

Qozog‘istonning Pavlodar shahrida yotoqxonada dunyoga keltirgan farzandini o‘ldirgan talaba qizga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, u homiladorligi davomida o‘z holatini ota-onasi va atrofdagilardan yashirib kelgan va o‘tgan yilning oktyabr oyida u talabalar turar joyining yuvinish xonasida qiz farzandni dunyoga keltirgan.

Tug‘ruqdan so‘ng u ruhiy bosim holatida bo‘lib, bolaning yig‘isi tug‘ilganini fosh etishidan qo‘rqib, chaqaloqni sochiqqa o‘rab, nafas yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Oqibatda bola halok bo‘lgan.

Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan. U ikki yildan ortiq vaqt davomida bir yigit bilan munosabatda bo‘lganini, biroq homiladorligi ma’lum bo‘lgach, yigit farzandni tan olishdan bosh tortganini aytgan.

Shuningdek, u homiladorligi haqida hech kimga aytmaganini, bolani yolg‘iz tarbiyalashga tayyor bo‘lmaganini va yaqinlarining munosabatidan qo‘rqqanini bildirgan.

Mazkur jinoyat ishi qisqartirilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qizning harakatlari Jinoyat kodeksining 100-moddasi («ona tomonidan yangi tug‘ilgan bolasini tug‘ruqdan keyingi ruhiy og‘ir holatda o‘ldirishi») bo‘yicha kvalifikatsiya qilingan.

Sud ayblanuvchining yoshini, aybiga to‘liq iqror bo‘lganini hamda muqaddam sudlanmaganini inobatga olib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, yashash joyini ruxsatsiz o‘zgartirmaslik, ko‘ngilochar maskanlarga bormaslik hamda jazo muddati davomida har yili 100 soatdan majburiy jamoat ishlarini bajarish majburiyati yuklatilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari