Talabalar 2024-yildagi mojaro uchun namoyishga chiqishdi

AQSHdagi nufuzli Cornell University universitetida jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ish katta norozilikka sabab bo‘ldi. 5-oktyabr kuni 1 000 ga yaqin talaba, o‘qituvchi va faollar universitet hududida namoyishga chiqdi.
Namoyishchilar 2024-yilda yuz bergan va “Jane Doe” taxallusi bilan tanilgan talabaning jinsiy zo‘ravonlik haqidagi da’volari bo‘yicha universitet rahbariyatining harakatlarini keskin tanqid qilmoqda.
Talabalar: “Rahbariyat javob berishi kerak”
Talabalar 2024-yilda yuz bergan jinsiy zo‘ravonlik holati bo‘yicha universitetning olib borgan tekshiruvini mustaqil ravishda qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Shuningdek, ular jinsiy zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iyroq jazo choralarini belgilash va aybi isbotlangan talabalarni universitetdan chetlatishni so‘ramoqda.
Shuningdek, ular:
– jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha mustaqil tekshiruvlar o‘tkazish;
– bunday holatlar uchun aniq va yagona intizomiy choralar belgilash;
– kampus politsiyasining bunday murojaatlar bilan ishlashini kuchaytirish;
– ishda aybdor deb topilgan talabalarni universitetdan chetlatish yoki diplomlarini bekor qilishni talab qilmoqda.
Ayrim namoyishchilar esa Kornell universiteti prezidenti Michael Kotlikoff va boshqa rahbariyat a’zolarining iste’fosini ochiqchasiga talab qilgan.
2024-yildagi ish qayta tergov qilinmoqda
“Jane Doe” 2024-yil oktabrida Chi Phi birodarligi a’zolari tomonidan jinsiy tajovuzga uchraganini da’vo qilgan. U yetti nafar talaba va bir qator tashkilotlarni sudga bergan.
Dastlab mahalliy prokuratura jinoyat ayblovlarini ilgari surmagan. Universitet esa Chi Phi bo‘limini yopib, ishda tilga olingan talabalarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rgan.
Endilikda esa ish yana kun tartibiga qaytdi. Nyu-York gubernatori Kathy Hochul maxsus prokuror tayinlab, jinoyat ishining qayta tergov qilinishini topshirdi.
Namoyish vaqtida talabalar “Justice for Jane Doe” va “We Stand for Survivors” kabi shiorlar bilan yurish qilgan.
Namoyish universitetning asosiy ma’muriy binosi oldida yakunlangan. Bino eshigi esa namoyishdan oldin noma’lum shaxslar tomonidan shikastlangan.
Kornell universiteti prezidenti Michael Kotlikoff esa universitetdagi birodarlik va talabalar uyushmalarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqishga va’da bergan.
Ilmira Alizoda