08:18, Fevral 20, 2026
/
251

O‘zbekistonning birinchi sun’iy yo‘ldoshi talabalar bilan hamkorlikda yaratilmoqda

Xo‘sh, ilk milliy kosmonavt ham talaba bo‘ladimi?

Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni 2028-yilda uchirilishi rejalashtirilgan Yerni masofadan turib zondlash sun’iy yo‘ldoshi modellari bilan tanishdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi – “O‘zbekkosmos” direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov o‘z intervyusida sun’iy yo‘ldoshning ikki xil modeli taqdim etilganini ma’lum qildi. Avvalroq taqdim etilgan axborotlarga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh yaratish 50-100 million dollarga, kosmonavt tayyorlash dasturi esa 50-60 million dollarga tushishi mumkin.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra ayni vaqtda yetti nafar talaba Yaponiyaning Kyushu Institute of Technology oliygohida tahsil olmoqda va u yerda O‘zbekistonning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratmoqda.

Muhiddin Ibragimov koinotga yuboriladigan nomzodni tanlash jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, gap nafaqat parvozning o‘zi, balki orbital stansiyada ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish haqida bormoqda, shu maqsadda ishlar ilmiy hamjamiyat va Fanlar akademiyasi bilan hamkorlik qilinmoqda.

“Kosmonavtga qo‘yiladigan talab, albatta, yuqori bo‘ladi: sog‘liq, fiziologik holati, ilm, tillarni bilishi nuqtayi nazaridan. Biz umumxalq dasturi qilmoqchimiz. Bo‘lajak kosmonavt hozirda o‘qiyotgan bo‘lishi ham, ishlayotgan bo‘lishi ham mumkin”, — degan Muhiddin Ibragimov.

U kasbi doktor bo‘lgan vengriyalik kosmonavtni misol qilib keltirdi, shuningdek, Saudiya Arabistonidan bo‘lgan kosmonavt saratonni o‘rganish sohasida olim edi.

Shu o‘rinda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda kosmik tarmoq uchun yetakchi oliygohlarni belgilash va iqtidorli yoshlarni maqsadli saralab olish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Mamlakatning oltita oliy ta’lim muassasasida alohida kosmik yo‘nalishlar bo‘yicha 162 nafar talaba tahsil olmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari