Talabalar ovqatidan qurt va shisha chiqdi

Hindistondagi Jamia Millia Islamia universiteti yotoqxonasida talabalar ovqat sifati sabab norozilik bildirdi. Ularning aytishicha, taomlardan qurt va hasharotlar, ayrim hollarda esa shisha bo‘laklari ham chiqqan.
Muammo birgina tushlik bilan tugamagan. Talabalar bunday holatlar bir necha yildan beri takrorlanayotganini aytmoqda.
Muammo bitta likopchadan boshlangan
Jammu va Kashmir qizlar yotoqxonasida istiqomat qiluvchi talabalardan biri o‘tgan yil noyabr oyida guruh chatiga sabzavotli taomidan chiqqan shisha bo‘lagining suratini yuborgan. Uning yozishicha, bu holat u bilan birinchi marta sodir bo‘lmagan.
Oradan vaqt o‘tib, chorshanba kuni tushlik paytida talabalar chhole – no‘xatli taom ichidan hasharotlar topilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng norozilik boshlandi.
Talabalar universitetdan yotoqxona oshxonasiga xizmat ko‘rsatuvchi pudratchini almashtirishni va ovqat sifatini yaxshilashni talab qildi.
“Bu birinchi marta emas”
Talabalar idli va guruchdan qurtlar, dal va chholedan hasharotlar topilgani, guruch yaxshi pishirilmagani, tovuq esa xom holda berilganini aytmoqda. Ba’zilari ovqatdan keyin o‘zlarini yomon his qilganini ham bildirgan.
Ushbu yotoqxonada qariyb 700 nafar talaba yashaydi va ularning aksariyati kundalik ovqatlanishda aynan shu oshxonaga tayanadi.
Talabalar norozilikni to‘xtatdi, keyin yana boshladi
Talabalar universitetdan uchta asosiy talabni ilgari surdi: amaldagi oshxona pudratchisini zudlik bilan almashtirish, norozilikda qatnashgan talabalarni jazolamaslik va oshxonaga ayol xodimlarni jalb qilish.
Universitet ma’muriyati juma kuni tungi soat 02:49 da talabalar murojaatiga yozma javob berdi. Unda pudratchi darhol almashtirilishi va talablarning bir qismi bajarilishi qayd etildi. Shundan so‘ng talabalar vaqtincha norozilikni to‘xtatdi. Biroq ular oshxonada avvalgi ovqatlanish tartibi davom etayotganini aytib, bir necha soatdan keyin yana yig‘ildi.
Talabalar norozilik vaqtida elektr ta’minoti ham o‘chirilganini va ulardan biri universitet xodimi tomonidan qo‘pol muomalaga uchraganini da’vo qildi.
Oxir-oqibat nima bo‘ldi?
Shanba kuni universitet ma’muriyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng talabalar norozilikni to‘xtatdi. Universitet esa ovqat sifati muntazam nazorat qilinishini, taomlarni ayol xodimlar tarqatishini va yotoqxonalardagi sanitariya masalalarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzilishini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, universitetda 700 nafarga yaqin talabani oyiga 3 ming hind rupiyasidan kam xarajat bilan ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Ammo talabalar uchun masala faqat ovqat narxida emas.
Ular har kuni yeydigan ovqatining xavfsiz va sifatli bo‘lishini talab qilmoqda.
Ilmira Alizoda