09:09, Oktabr 8, 2026
/
1,5 тыс

Talabalar TTJdan chiqarib yuborildi: shahar hokimligi va vazirlik bayonoti bir-biridan farq qilmoqda

Kecha 7-oktyabr kuni Toshkent davlat texnika universiteti, shuningdek, boshqa OTMlar va xorijiy talabalar joylashtirilgan yangi talabalar turar joyidan chiqarilgani haqida bir qancha manbalarda material e’lon qilingan edi. Shu kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent davlat texnika universiteti talabalarining yotoqxonadan chiqarilgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, foydalanishga topshirilmagan obyektga talabalar tadbirkor tomonidan tegishli tartiblarsiz joylashtirilganini ma’lum qilgandi.

Oradan bir necha soat o‘tib, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh talabalar turar joyiga borib, vaziyatni joyida o‘rgandi. Shundan so‘ng hokimlik ham masala yuzasidan alohida bayonot e’lon qildi.

Har ikki idora obyekt hali rasman foydalanishga topshirilmagani, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagani va zarur ruxsatnomalar olinmaganini tasdiqlagan. Biroq bayonotlar ayrim muhim savollarga javob berish o‘rniga yangi savollarni yuzaga chiqarmoqda.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, universitet ham, vazirlik ham talabalar ushbu obyektga joylashtirilganidan oldindan xabardor bo‘lmagan. Bunga tug‘ilgan e’tiroz shundayki, talabalar shaharchasining markazida joylashgan, yuzlab talabalar oqimi kirib-chiqayotgan, yuklari bilan ko‘chib o‘tayotgan ko‘p qavatli binodan OTM rahbariyati, tyutorlar va vazirlik mas’ullari qanday qilib xabarsiz bo‘lishi mumkin? Agar tadbirkor haqiqatan ham binoga o‘zboshimchalik bilan odam kiritgan bo‘lsa, universitet hududiy daxlsizlik va talabalar xavfsizligini qanday nazorat qilmoqda?

Hokimlik esa obyektda issiq suv va isitish tizimlari ulanmagani, yong‘in xavfsizligi talablari ham to‘liq bajarilmaganini ma’lum qilgan. Bu esa yana bir savolni tug‘diradi: talabalar bunday sharoitdagi binoda necha kundan beri yashab kelayotgan edi va nazorat qiluvchi idoralar holatni qachon aniqlagan?

Bayonotlardagi yana bir tafovut to‘lovlar masalasida ko‘zga tashlanadi. Hokimlik talabalar to‘lagan pullar uch kun ichida qaytarilishini bildirgan bo‘lsa, vazirlik mablag‘lar allaqachon 100 foiz qaytarib berilganini ma’lum qilgan. Shunda vazirlik vaziyatni yumshatish uchun moliyaviy masala hal bo‘lib bo‘lganini iddao qilganmi yoki hokimlik ishchi guruhi aralashganidan keyingina pullarni qaytarish bo‘yicha uch kun muddat berildimi?

Shuningdek, hokimlik talabalar universitet yotoqxonalari va ijara xonadonlariga joylashtirilganini aytgan bo‘lsa, vazirlik faqat mavjud bo‘sh yotoqxonalarga ko‘chirilganini bildirgan.

Eng asosiy masala esa boshqacha: foydalanishga topshirilmagan, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, issiq suv va isitish tizimlari ishlamaydigan, yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan obyektga talabalar umuman qanday qilib joylashtirilgan? Xorijiy talabalar bu yerni qanday topishgan, ularni kim ishontirib olib kela olgan? Bunga javob na vazirlik, na hokimlik bayonotida mavjud. Holbuki, aynan shu savol mazkur voqeadagi mas’uliyat masalasini belgilab beradi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu holatda hozircha birgina haqiqat bor: talabalar mutlaqo aybsiz! Ularga kalitni kimlardir bergan, o‘zlaridan o‘zlari borib joylashib olishgani yo‘q. Holatga aybdorlar, albatta, topilishi va talabalarga yetkazilgan moddiy zarar bilan birga, ma’naviy zarar ham qoplanishi shart!

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari