Talabalar uchun fan olimpiadalarini o‘tkazishning yangi tartibi belgilandi

Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 499-son qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tartibi tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, olimpiadalarni tashkil etish, nazorat materiallarini ishlab chiqish va iqtidorli talabalar zaxirasini shakllantirish bilan Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi shug‘ullanadi.
Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish, jarayonlarni monitoring qilish va natijalarni e’lon qilish uchun yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.
Respublika fan olimpiadalari 2 bosqichdan iborat.
I bosqich oliy ta’lim tashkilotlarida, II bosqich esa vazirlik tomonidan belgilanadigan tayanch oliy ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi. Har bir bosqichda 1- 2- va 3-o‘rinlarni egallagan talabalar keyingi bosqichga tavsiya etiladi.
Olimpiada o‘tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Aloqa vositalari va qo‘shimcha manbalardan foydalanish taqiqlanadi.
Natijalar olimpiada o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilinadi. Natijadan norozi ishtirokchi natijalar e’lon qilingan kunning o‘zida apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston talabalari ishtirok etishi lozim bo‘lgan nufuzli xalqaro olimpiadalar ro‘yxati vazirlik tomonidan tasdiqlanib, har yili yangilanadi.
G‘oliblarga qancha mukofot beriladi?
Respublika fan olimpiadasi:
1-o‘rin uchun talaba 50 BHM(22 000 000 so‘m), ustoz 25 BHM(11 000 000 so‘m)
2-o‘rin uchun talaba 40 BHM(17 600 000 so‘m), ustoz 20 BHM(8 800 000 so‘m)
3-o‘rin uchun talaba 30 BHM(13 200 000 so‘m), ustoz 15 BHM(6 600 000 so‘m)
Xalqaro olimpiada:
1-o‘rin uchun talaba 100 BHM(44 000 000 so‘m), ustoz 50 BHM22 000 000 so‘m)
2-o‘rin uchun talaba 75 BHM(33 000 000 so‘m), ustoz 40 BHM((17 600 000 so‘m)
3-o‘rin uchun talaba 50 BHM(22 000 000 so‘m), ustoz 30 BHM(13 200 000 so‘m)
Shuningdek, xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga lavozim maoshining 100 foizi, respublika olimpiadasining II bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga esa 50 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotlari, davlat organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda qo‘shimcha fan olimpiadalarini tashkil etilish mumkin.
Qarorga ko‘ra, har yili 1-sentyabrga qadar oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalari ro‘yxati va olimpiadalarni o‘tkazish muddatlarini tasdiqlashi kerak. Shu bois, hozircha 2027-yil 1-yanvarga qadar kimyo va biologiya fanlaridan talabalar o‘rtasida xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etish choralarini ko‘rilishi belgilangan.
Dilnoza Zaripova