09:51, Oktabr 5, 2026
/
739

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qiladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus stipendiyaga tanlov e’lon qilmoqda.

Stipendiya bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, g‘oliblarga o‘n oy davomida bazaviy stipendiyaning ikki barobari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.

Ushbu summa bir o‘quv yili davomida jami 20 nafar talabaga to‘lab beriladi. Toshkent davlat transport universitetining “Avtomobil yo‘llari muhandisligi” fakulteti uchun 10 ta hamda ushbu yo‘nalish mavjud bo‘lgan boshqa davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga yana 10 ta o‘rin ajratilgan. Ehtiyoj va nomzodlar soniga qarab ushbu kvotalar yana oshirilishi mumkin.

Stipendiyaga da’vogar talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari a’lo darajada (ko‘pi bilan 50 foizi “yaxshi”) bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, talabgorlardan ta’lim yo‘nalishiga mos mavzudagi kamida ikkita ilmiy maqola, turli nufuzli tanlov va olimpiadalardagi faol ishtirok hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yechim yoki startap loyihalari borligi so‘raladi. Agar talaba maxsus IT dasturlar (veb-ilovalar) ishlab chiqqan bo‘lsa yoki “Yangi O‘zbekistonda yillar va yo‘llar” jurnalida maqolasi chop etilgan bo‘lsa, tanlovda unga alohida ustunlik beriladi.

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan yoshlar joriy yilning 10-sentyabridan 10-noyabriga qadar o‘z ta’lim muassasasida tuzilgan Tanlov komissiyasiga tegishli hujjatlar jildini topshirishlari lozim. Ushbu hujjatlar qatorida nufuzli tadbirlardagi ishtirokni tasdiqlovchi sertifikatlar, nashr qilingan maqolalar nusxalari, kafedra mudiri va amaliyot rahbari tavsiyanomalari hamda o‘zlashtirish daftarchasi bo‘lishi kerak.

Dastlabki saralashdan o‘tgan nomzodlar bilan Qo‘mita ishchi komissiyasi tomonidan maxsus suhbat o‘tkaziladi. Unda bakalavrlar o‘z ilmiy maqolalari yuzasidan, magistrantlar esa dissertatsiya mavzulari bo‘yicha taqdimot himoya qilishadi. Barcha hujjatlar va suhbat natijalari noyabr oyi o‘rtalarida ko‘rib chiqilib, 1-dekabrga qadar g‘oliblar ro‘yxati Qo‘mita raisining maxsus buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Muhim jihati shundaki, ushbu nufuzli stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalar bo‘sh vaqtlarida nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash maqsadida Qo‘mita tizimidagi korxonalarda amaliyot o‘tashlari shart qilib belgilangan. Agar stipendiya sovrindori o‘quv intizomini buzsa, darslarni o‘zlashtira olmasa, universitet taqdimnomasiga asosan to‘lovlar to‘xtatilishi mumkin.

Tanlovning batafsil nizomi bu yerda👈

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari