Talabalar uchun yaxshi imkoniyat: “Munozara” turniri boshlanmoqda

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida “Munozara” respublika turniri o‘tkaziladi.
Turnirda davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari talabalari 3 kishidan iborat jamoa shaklida ishtirok etishi mumkin.
Turnir 3 bosqichda o‘tkaziladi
– oliy ta’lim tashkiloti bosqichi;
– hududiy bosqich;
– respublika bosqichi.
Oliy ta’lim tashkiloti bosqichi sentyabr oyining uchinchi o‘nkunligida fakultetlar jamoalari o‘rtasida tashkil etiladi.
Talabalar qanday bellashadi?
“Munozara”da ishtirokchilardan mavzuni yaxshi bilish bilan birga, o‘z fikrini aniq, mantiqiy va dalillar asosida himoya qilish talab etiladi.
Jamoalar nutq mazmuni va argumentatsiyasi, nutqning tuzilishi, mantiqiyligi hamda notiqlik va muomala madaniyati bo‘yicha baholanadi.
Argumentlash jarayonida ATIX modeli qo‘llanadi. Bunda:
– Ariza (A) – 1 ball;
– Tushuntirish (T) – 2 ball;
– Isbot (I) – 3 ball;
– Xulosa (X) – 2 ball.
Shuningdek, dixotomiya – 7 ball, kesishuv nuqtalarini ochib berish – 3 ball, pozitsiyani himoya qilish – 5 ball va savollar bilan ishlash – 2 ball bilan baholanadi.
Notiqning o‘z vazifasini bajarishi, nutqning mantiqiyligi, tartibliligi, aniqligi va reglamentga amal qilishi ham hisobga olinadi. Nutq madaniyati va o‘zini tutish madaniyati uchun ham ball beriladi. Takrorlanmaydigan va yangi fikrlar uchun qo‘shimcha 2 rag‘batlantiruvchi ball berilishi mumkin.
Qoidani buzganlar chetlashtirilishi mumkin
Bellashuv davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar yoki hurmatsizlik uchun 2 ball ayiriladi.
Yolg‘on yoki soxta ma’lumotlardan foydalanish, munozara etikasini qo‘pol ravishda buzish, internet, telefon yoki murabbiy yordamidan foydalanish esa jamoaning bellashuvdan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
G‘oliblarni katta mukofotlar kutmoqda
Hududiy bosqichda 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Jamoalarning har bir a’zosiga oliygoh tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Respublika bosqichida esa:
1-o‘rin – 30 mln so‘m
2-o‘rin – 20 mln so‘m
3-o‘rin – 15 mln so‘m
miqdorida pul mukofotlari beriladi. G‘oliblarga, shuningdek, qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi. Respublika finalida ishtirok etgan barcha jamoalar ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Turnirda ishtirok etishni istagan talabalar o‘z ta’lim muassasasining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullariga murojaat qilishlari mumkin.
“Munozara” turniri nizomi bilan tanishish
Ilmira Alizoda