Talabalar yotoqxonasiga kimlar navbatsiz va bepul joylashtiriladi?

Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joylariga joylashish uchun arizalar har yili 1-avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar qabul qilinadi.
Talabalar arizani my.gov.uz yoki kontrakt.edu.uz tizimi orqali onlayn tarzda topshirishi mumkin. Ayrim toifadagi talabalar esa yotoqxonaga umumiy navbatni kutmasdan, ustuvor tartibda joylashtiriladi.
Arizani qanday topshirish kerak?
Avvalo, talaba my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetiga kirishi kerak. So‘ng “Ommabop xizmatlar” bo‘limidan “Talabalar turar joyiga joylashtirish” xizmatini tanlaydi.
Arizani kontrakt.edu.uz tizimi orqali ham topshirish mumkin.
Ariza berishda qanday ma’lumotlar kiritiladi? (videoqo‘llanma)
Tizimda talabaning asosiy shaxsiy ma’lumotlari avtomatik shakllantiriladi. Talaba ularni tekshirishi va ommaviy oferta shartlariga rozilik berishi lozim.
Shundan keyin doimiy yashash manzili va turar joyiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar kiritiladi.
Barcha ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish muhim. Chunki noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar arizani ko‘rib chiqish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.
Kimlar yotoqxonaga ustuvor tartibda joylashtiriladi?
Yotoqxona o‘rinlari cheklanganligi sababli ayrim toifadagi talabalarga ustuvorlik beriladi.
Jumladan:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari;
- “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- chin yetimlar;
- oilasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan yana bir talaba bo‘lganlar.
Agar talabaga tegishli imtiyoz mavjud bo‘lsa, bu haqdagi ma’lumotlar ariza berish jarayonida ko‘rsatiladi. Ayrim ma’lumotlar elektron tizimlar orqali avtomatik aniqlanadi. Zarur hollarda tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab qilinishi mumkin.
Yotoqxonaga joylashganini qanday bilish mumkin?
Ariza yuborilgach, u belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Imtiyozli toifaga kiruvchi talabaga tegishli tartibda yo‘llanma beriladi. Talaba ushbu yo‘llanma asosida OTMning mas’ul xodimlariga murojaat qilib, yotoqxonaga ustuvor tartibda joylashishi mumkin.
Imtiyozga ega bo‘lmagan talabalar esa umumiy navbat asosida joylashtiriladi.
Arizaning holati va navbat haqidagi ma’lumotlarni my.gov.uz dagi shaxsiy kabinet orqali kuzatish mumkin.
Yotoqxona to‘lovi qancha?
Davlat OTMlarining talabalar turar joylari uchun respublika bo‘yicha yagona to‘lov miqdori belgilanmagan. Yotoqxonada yashash uchun to‘lov miqdorini har bir oliy ta’lim muassasasining Kengashi mustaqil ravishda belgilaydi.
Shuningdek, ayrim toifadagi talabalarga yotoqxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi mumkin. Bunday imtiyozning miqdorini ham OTM Kengashi belgilaydi.
Imtiyoz quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
- yotoqxona to‘lovidan to‘liq ozod qilish;
- umumiy to‘lov miqdorining 50 foizi miqdorida chegirma berish.
Yotoqxona to‘lovidan to‘liq ozod qilinishi mumkin bo‘lgan talabalar qatoriga:
- ko‘z kasalliklari bo‘yicha I yoki II guruh nogironligi bo‘lganlar;
- chin yetimlar, ya’ni ota-onasining har ikkisi vafot etganlar;
- ota-onasidan biri vafot etgan yetimlar;
- mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar kiradi.
Shuningdek, umumiy kasalliklar bo‘yicha II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar, vazifasini namunali bajarayotgan talabalar kengashi raisi, qavat sardori hamda yotoqxona kutubxonasi uchun mas’ul talabalarga 50 foizgacha chegirma berilishi mumkin.
Bundan tashqari, 2026-yildan ayrim ijtimoiy toifadagi talabalar uchun yotoqxonada yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplashning alohida tartibi ham joriy etilgan. Shu sababli talaba o‘zining qaysi imtiyozlarga ega ekanini OTMning mas’ul bo‘limidan aniqlashtirishi lozim.
Shu bois yotoqxona narxi va imtiyozlar barcha OTMlarda bir xil emas. Talaba to‘lov miqdori, chegirma yoki to‘lovdan ozod etish tartibini o‘zi tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasidan aniqlashi kerak.