O‘smir talabalar yashaydigan yotoqxonaga hujum qildi

Rossiyaning Ufa shahrida 15 yoshli o‘smir xorijlik talabalar yashaydigan Boshqirdiston davlat tibbiyot universiteti yotoqxonasiga hujum qildi. Meduza’ning xabar berishicha, hodisa oqibatida olti kishi jabrlangan. U yerda, asosan, Hindistondan, shuningdek, Afrikadan kelgan chet ellik talabalar yashagani ma’lum qilindi.
O‘smir pichoq, kastet va gazballonchasi bilan qurollangan holda binoga kirgan. Dastlab e’tiborni jalb qilish uchun petarda portlatgan, so‘ngra odamlarga tashlangan. Voqea joyidan olingan surat va videolarga ko‘ra, u bir muddat bino bo‘ylab yugurgan va bir nechta xonada qon izlarini qoldirgan. Uni qo‘lga olish paytida patrul-post xizmatidagi ikki xodim yaralangan. Shuningdek, jinoyatchi o‘ziga ham tan jarohati yetkazgan. Hozirda u tibbiyot muassasasida davolanmoqda. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholamoqda.
Boshqirdiston sog‘liqni saqlash vaziri Ayrat Rahmatullinning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida olti kishi jarohat olgan. Ularning to‘rt nafari — 21 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan, bir nafar voyaga yetmagan hamda yana biri — 35 yoshli qo‘riqchi bo‘lib, u o‘smirni kiraverishda to‘xtatishga uringan va yuz hamda sonidan jarohatlar olgan. Barcha jabrlanuvchilar kasalxonaga yotqizilgan.
Ushbu hodisa yuzasidan ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining hayotiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Boshqirdiston tibbiyot universiteti rektori Valentin Pavlovning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar orasida to‘rt nafar Hindiston fuqarosi bor. Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov jabrlanganlarning qarindoshlariga Rossiyaga kelishda yordam qilishga va’da bergan.