08:38, Sentabr 28, 2026
/
170

AQShda talabalarni birodarlikka qabul qilish marosimi janjalga sabab bo‘ldi

AQShning Viskonsin universitetida talabalarni birodarlikka qabul qilish marosimi vaqtida noodatiy va xavfli holat yuz bergan.

Madison shahridagi talabalar birodarligi binosining yerto‘lasida politsiya 30 nafardan ortiq talabani topgan. Ularning ustiga turli oziq-ovqat mahsulotlari, ziravorlar, souslar va boshqa suyuqliklar surtilgan bo‘lgan. Politsiya bu holat birodarlikka yangi a’zolarni qabul qilish marosimining bir qismi bo‘lganini ma’lum qilgan. 

Talabalarning aksariyati 18 yoshda bo‘lgan. Ayrimlarida jarohatlar ham aniqlangan.

Voqeadan so‘ng birodarlik prezidenti va vitse-prezidenti – 20 yoshli ikki talaba hibsga olingan. Keyinchalik ular garov evaziga ozod qilingan.

Universitet hozir voqea bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Talabalarga o‘qishdan vaqtincha chetlatish, hayfsan yoki boshqa intizomiy choralar qo‘llanishi mumkin.  

Ma’lumot o‘rnida, “talabalarni birodarlikka qabul qilish” – AQShdagi universitetlarda mavjud bo‘lgan talabalar uyushmasiga yangi a’zolarni qabul qilish marosimi degani. Ular o‘zaro tadbirlar, uchrashuvlar va turli marosimlar o‘tkazadi.

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari