08:17, Sentabr 18, 2026
/
598

Talabalarning 93 foizi topshiriqlarni bajarishda AIdan foydalanmoqda

UNESCOning oliy ta’lim bo‘yicha yangi so‘roviga ko‘ra, akademiklarning 93 foizi talabalar topshiriqlarni bajarishda generativ sun’iy intellektdan foydalanayotganini bildirgan. Shuningdek, respondentlarning 63 foizi talabalar kognitiv qobiliyatlarida pasayish kuzatilayotganini qayd etgan.

So‘rovnoma UNESCO Chairs global tarmog‘i vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan. Tadqiqotda akademiklarning aksariyati sun’iy intellektdan foydalanishni to‘liq taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamagani ma’lum bo‘lgan. Respondentlarning 1 foizdan kam qismi AIdan foydalanishni butunlay taqiqlashni, 2 foizi esa hech qanday cheklovsiz foydalanishni ma’qullagan.

Shu bilan birga, respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi o‘z kasbiy tashkilotlari tomonidan AIdan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘riqnomalarni foydali yoki juda foydali deb baholagan.

UNESCO 2026-yil 8-sentyabr kuni Parijda o‘tkazilgan Digital Learning Week doirasida AI’ni ta’limga joriy etish bo‘yicha qo‘shma vazirlik bayonotini ham taqdim etdi. Bayonotda sun’iy intellekt o‘qituvchining professional faoliyati va qarorlarini almashtirmasligi, o‘quvchilarning ma’lumotlari himoya qilinishi hamda AIdan foydalanishda mustaqil fikrlash va insoniy muloqotni saqlash muhimligi ta’kidlangan.

UNESCO, shuningdek, ta’limda AIdan foydalanish shartlari jamoatchilik manfaatlari, inson huquqlari va davlat nazorati asosida shakllantirilishi kerakligini qayd etgan.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari