12:31, Noyabr 24, 2025
/
611

Talabalarning eng yaqin hamkori – sun’iy intellekt nimalar “qilyapti”?

Dikin universitetida o‘tkazilgan tadqiqot ChatGPT dan akademik izlanishlarda foydalanish yuzasidan jiddiy shubhalarga sabab bo‘ldi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, chat-bot taqdim etgan ma’lumotlar va iqtiboslarning yarmidan ko‘pi yo noto‘g‘ri, yoki butunlay uydirma. Ko‘plab havolalar foydalanuvchilarni mavjud bo‘lmagan manbalarga yo‘naltirgan yoki mavzuga umuman mos kelmagan. Bu esa ChatGPT dan ilmiy ishlarda foydalanish katta xatarlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Universitet tadqiqotchilari chat-botga ruhiy salomatlik bo‘yicha olti mavzu doirasida adabiyotlar sharhi tayyorlashni topshirgan.

Tahlil davomida ChatGPT taqdim etgan 176 ta iqtibosning 35 tasi (19,9%) to‘liq uydirma ekani, qolgan 141 tasi (45,4%) esa noto‘g‘ri sahifa raqamlari, mos kelmaydigan nashr sanasi yoki mavjud bo‘lmagan DOI raqamlarini o‘z ichiga olgani ma’lum bo‘ldi.

Faqat 77 ta iqtibos (43,8%) aniq va ishonchli deb topilgan. Biroq xatolarni darhol payqash oson emas. Masalan, soxta DOI raqamlarining 64 foizi mavzu bilan umuman bog‘liq bo‘lmagan materiallarga, 36 foizi esa mavjud bo‘lmagan manbalarga olib borgan.

Tadqiqotchilar ChatGPT dan foydalanishda ehtiyotkorlikni kuchaytirish, aniq yo‘riqnomalar ishlab chiqishni ta’kidlashdi. Bundan tashqari, ma’lumotlarni inson tomonidan majburiy tekshirish zarurligi maslahat berilgan. Xulosada ilmiy jurnallar va ta’lim muassasalarini ham bunday xatolardan himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish kerakligi aytilgan.

Bundan tashqari, Yevropa teleradiokorporasiyalar ittifoqi o‘tkazgan alohida tahlilda ChatGPT, Claude, Gemini va boshqa chat-botlar javoblarining 40 foizgacha qismini uydirib, uni real fakt sifatida taqdim etishi qayd etilgan.

Masalan, ChatGPT ba’zan “Papa Fransisk tirik” degan noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Microsoft Copilot esa Shvetsiyaning NATOga a’zo ekanini tan olmagan. Google Gemini esa Donald Trampning qayta saylanish ehtimoli haqida fikr bildirgan — bu AQSh qonunlariga zid.

Fikrlar (0)
Avval yangilari