12:36, Iyun 19, 2026
/
541

Talabalarning vazifalarini bajarish ortidan salkam 5 milliard daromad qilgan kuryer ushlandi

Buyuk Britaniyada talabalar o‘rniga o‘nlab onlayn imtihonlarni topshirish va kurs ishlarini tayyorlash orqali katta miqdorda pul ishlagan xususiy repetitor 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U ushbu firibgarlik sxemasi orqali 300 000 funt sterling (taxminan 4 milliard 825 million so‘m) daromad qilgan.

Qirollik prokuratura xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 43 yoshli Shohid Adnan Liverpuldagi Jon Mur (Liverpool John Moore) universitetining 120 dan ortiq talabasi uchun topshiriqlarni noqonuniy bajarib kelgan.

Firibgarlik qanday fosh bo‘ldi?

Liverpulning Lisander Klouz hududida yashovchi Adnan 2023-yilning fevral oyida tasodifan qo‘lga tushgan. Bunga bir talabaning kompyuter fanlari va matematika maktabi xodimi doktor Tom Berriga kurs ishi yuklangan shubhali USB-fleshkani taqdim etgani sabab bo‘lgan.

Doktor Berrining tekshiruvlari natijasida fleshkada Adnan o‘zi asos solgan “Study Sharp Ltd” kompaniyasiga tegishli hujjatlar borligi aniqlangan. Eng e’tiborlisi, qurilmadan talabalar ma’lumotlari jamlangan maxfiy Excel jadvallari topilgan:

  • Talabalarning shaxsiy ma’lumotlari;
  • O‘quv modullari va kurs ishlarini topshirish muddatlari;
  • Universitet tarmog‘iga kirish uchun shaxsiy login va parollar.

Tergov davomida Adnan talabalar tarmog‘iga begona shaxslarning ma’lumotlari orqali kirganini va bitta xizmat uchun 250 funt sterling olganini tan oldi. O‘zini oqlash maqsadida u hisobga kirish uchun universitet ruxsati kerakligidan “bexabar” bo‘lganini bahona qilgan.

Kuryerning hashamatli hayoti

Politsiya surishtiruvlari jinoyatchining rasmiy daromadiga umuman mos kelmaydigan hayot tarzini ochib berdi. O‘zini oddiy repetitor va “Amazon” yetkazib beruvchisi deb tanishtirgan Adnan aslida qimmatbaho Audi va BMW avtomobillarini boshqargan, uyi esa lyuks mebel va maishiy texnikalar bilan jihozlangan.

Huquq-tartibot organlari unga tegishli uchta yashirin bank hisobraqami va bitta treyding (birja) hisobini aniqladi. Ulardagi mablag‘lar quyidagicha bo‘lgan:

  • Barclays Bank: 1 505 156 £
  • Lloyds (1-hisob): 600 590 £
  • Lloyds (2-hisob): 245 279 £
  • PayPal: 110 214 £

Shuningdek, tintuv davomida firibgarlikka aloqador katta miqdordagi naqd pullar ham musodara qilingan.

Dunyo bo‘ylab yoyilgan tarmoq va sud hukmi

Tergovchilarning xulosasiga ko‘ra, Adnan nafaqat Liverpulda, balki butun dunyo bo‘ylab universitetlarda o‘qiydigan jami 124 nafar talaba uchun noqonuniy ish bajargan bo‘lishi mumkin.

Adnan Butl sudida soxta vakillik orqali qilingan firibgarlik hamda kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirish ayblarini tan oldi. Keyinchalik, u Liverpul Qirollik sudida avvaliga inkor etgan uchinchi ayblov – jinoiy mol-mulkni o‘zlashtirish, ya’ni pul yuvish jinoyatini ham bo‘yniga olgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari