07:42, Sentabr 15, 2026
/
4,0 тыс

Talabalik: Hech kim aytmaydigan achchiq haqiqatlarni biz aytamiz!

Talabalik – oltin davr. Kinolarda bu davr faqat kafelarda o‘tirish, qiziqarli loyihalar qilish va romantikadan iboratdek ko‘rsatiladi.

Qadrli 1-kurslar, hozir pushti ko‘zoynaklarni yechamiz! E’tiboringizga o‘zingizni ruhan tayyorlashingiz kerak bo‘lgan achchiq, kinoyali, lekin 100% haqiqat bo‘lgan faktlarni taqdim etamiz.

Maktabdagi “Oltin medal”ingizni uydagi sandiqqa solib qo‘yavering

Maktabda siz “yulduz” edingiz. Hamma tadbirlarda oldingi qatorda edingiz, “5” baho siz uchun odatiy hol edi. Universitetga xush kelibsiz! Bu yerda sizning qanday daho bo‘lganingiz, hamma fanni “yorib qo‘yganingiz” hech kimni qiziqtirmaydi. Bu yerda siz shunchaki ro‘yxatdagi hamma qatori oddiy talabasiz.

Hozir “Men faqat a’lo baholarga o‘qiyman, qizil diplom olaman” degan maqsad birinchi sessiyadayoq chilparchin bo‘lishi mumkin. Dekabrga borib siz mutlaqo yangi san’at turi – diplomatiyani o‘zlashtirasiz. Kafedra eshigi tagida turib, “Iltimos, domla, grantga ilinib qolay, shu safar 4 qo‘yib bering, keyingi safar zo‘r o‘qiyman” deb yalinish darajasiga qanday tushib qolganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Eng qizig‘i – o‘sha “3” bahoni olganda maktabdagi besh bahodan ko‘proq quvonasiz.

Uyqu – talabaning eng ushalmas orzusi

Talaba bo‘lishingiz bilan vaqt va makon tushunchalari o‘zgarib ketadi. “Bugun vaqtliroq, soat 22:00 da yotaman” degan gap insoniyat tarixidagi eng katta yolg‘onlar reytingida birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Soat 22:00 da siz endigina choy qo‘yib, ertangi darslar ro‘yxatiga qaragan bo‘lasiz. Keyin kutilmaganda kursdoshlar guruhiga “Ertaga falonchi domla konspekt tekshirarkan” degan xabar keladi. Tamom.

Tungi soat 3. Siz qahva ichyapsiz, ko‘zlaringiz qizargan. Ertalab soat 8:30 dagi birinchi paraga kechikmaslikning yagona, eng ishonchli yo‘li – umuman uxlamaslik ekanligini tez orada kashf qilasiz. Chunki 10 daqiqaga ko‘zni yumsangiz, uyg‘onganingizda tushlik vaqti bo‘lib qoladi. Auditoriyaga zombi holatida kirib borish esa ikkinchi oydan boshlab normal holatga aylanadi.

“Faqat keraklisini yozing”…

Universitetdagi eng katta paradokslardan biri – bu konspekt. Siz endi barmoqlari klaviaturada uchadigan yoki ruchka ushlashda shu qadar tezlashib ketadigan “mutant”ga aylanasizki, pianinochilarga bemalol master-klass o‘tishingiz mumkin.

Eng xavfli gap – “Men aytgan hamma narsani yozish shart emas, faqat eng muhim joyini, o‘zingiz tushungan qismini yozinglar”. Ishonmang! Bu – tuzoq! Chunki oradan ikki hafta o‘tib, o‘sha domla daftaringizni varaqlar ekan, “Nimaga 15-betdagi 3-xatboshining oxirgi nuqta-verguli yo‘q? Nimaga daftar buncha yupqa?” deb sizni haydab yuboradi. Siz domlaning gapirayotgan ohangidan tortib, yo‘talishigacha qog‘ozga tushiradigan tirik kserokopiyaga aylanasiz. Dastlabki oylardagi chiroyli husnixatingiz dekabrga kelib qadimgi Misr iyerogliflariga aylanib qolganini o‘zingiz ham anglamay qolasiz.

“BFF” (Abadiy do‘stlar) sindromi

7-sentyabr. Hamma chiroyli kiyingan, yuzlarda tabassum. Siz o‘zingizga hamfikr kursdosh topasiz va “Bo‘ldi, endi 4 yil birga bo‘lamiz, biz eng zo‘r do‘stlarmiz (BFF)!” deb qasamyod qilasizlar. Birga rasmga tushishlar, oshxonaga birga tushishlar…

2-semestrga borib bu “abadiy do‘stlik” faqatgina bitta formatga o‘tadi: “Guruhga nima yozilgan, tushunmadim”, “Domla yo‘qlama qildimi?” yoki “Senda zaryadnik yo‘qmi?”. Haqiqiy do‘stlar kafeda birga kofe ichadiganlar emas, balki oraliq nazorat vaqtida o‘zini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham sizga shpargalka uzatgan qahramonlardir!

Somsa va “tuxumli dieta”

Oshqozoningiz bilan jiddiy gaplashib olinadigan vaqt keldi. Unga oldindan uzr so‘rab, onangiz pishiradigan manti-yu palovlarni vaqtincha unutishini tushuntiring. Hozirgi kunda talabaning asosiy yoqilg‘isi – universitet atrofidagi arzon somsa!

“Rolton yeymiz” degan afsonalar endi trendda emas. Hozirgi zamonaviy talabaning aqlli yechimi – tuxum! Qaynatilgan tuxum, qovurilgan tuxum, pomidorli tuxum, pomidorsiz tuxum… “Tuxum ham go‘sht o‘rnida o‘tadi-ku” degan gap asosiy shioringizga aylanadi. Oydan oyga, stipendiyadan stipendiyagacha qanday qilib tirik qolganingiz va bu iqtisodiy mo‘jizani qanday amalga oshirganingizni iqtisodchi olimlar ham tushuntirib berolmaydi.

Dedlayn qonuniyati injiqliklari

Talaba tabiatiga ko‘ra ishni doim oxirgi daqiqaga taqab qiladi. Tasavvur qiling: mustaqil ishni topshirishning oxirgi muddati bugun soat 23:59 da. Siz uni, albatta, 23:58 da tizimga (HEMIS yoki Moodle) yuklashga urinasiz.

Aynan shu soniyada Merfi qonuni ishga tushadi: uyingizdagi Wi-Fi kutilmaganda o‘chib qoladi, internet ishlamaydi, noutbukingiz umrida birinchi marta o‘z-o‘zidan yangilanishni (Windows update) boshlab yuboradi… Eng yomoni, HEMIS ayni o‘sha vaqtda “qotib” qoladi. Tizim qotishi yoki internet o‘chishi sizning aybingiz emasligini domlaga tushuntirish – devorga borib gapirishdek gap. Tizim ishlamadi, bahosiz qoladigan esa baribir sizsiz.

Ha, boshida bu narsalar sizni shok holatiga solishi mumkin. Lekin aynan mana shu uyqusiz tunlar, g‘alati qoidalar va kutilmagan vaziyatlar talabalik davrini umringizdagi eng qiziqarli, kulgili va unutilmas xotiralarga to‘la davrga aylantiradi. Biz bu yo‘ldan o‘tdik, siz ham eplaysiz. Talabalar qatoriga xush kelibsiz, omon qolish o‘yinlari boshlandi!

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari