Talabani o‘qitish xarajatlarini belgilash tartibi joriy etiladi

2026-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF–58-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda milliy reyting talabalar soni ustuvor boʻlgan yoʻnalishlar asosida toifa guruhlariga ajratilgan holda yuritiladi. Akademik, ilmiy va xalqaro faoliyati, raqamlashtirish darajasi va bitiruvchilar bandligi koʻrsatkichlari boʻyicha baholanadi. Milliy reyting natijalariga koʻra, har bir toifa guruhiga mansub oliy taʼlim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
Milliy reytingni yuritish tartibi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan belgilanadi.
Davlat granti asosida taʼlim olayotgan bir nafar talabani oʻqitish xarajatlari miqdorini quyidagi koʻrsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
➖bir nafar professor-oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha talabalar soni nisbati;
➖taʼlim yoʻnalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
➖kadrlar tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
➖xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va ularni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar;
➖oliygohning maqomi va (yoki) toifasiga koʻra ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilganligi;
➖milliy reyting natijalariga koʻra oliygohning darajasi;
➖oliygohning hududiy mansubligi;
➖oliygohni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar.
Davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etiladi. Ilmiy dasturlarga ajratilgan mablagʻlarni ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlovlarsiz moliyalashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatdan tashqari boshqa maqsadlar uchun yoʻnaltirish taqiqlanadi.