TalabaPay loyihasi ishga tushdi

TalabaPay (tp.uz) platformasi ishga tushirildi. Loyiha orqali kompaniyalar, tadbirkorlar, blogerlar va media vakillari platformadagi reytingda yuqori o‘rinlarni egallash uchun mablag‘ ajratishi mumkin.
Loyiha tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, platformaga kelib tushgan mablag‘larning 100 foizi ehtiyojmand talabalarning kontrakt to‘lovlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda soliqlar hisobga olinmaydi.
Platformada ishtirokchilar 50 ming so‘mdan boshlab istalgan miqdorda mablag‘ ajratishi mumkin. Ajratilgan mablag‘ ishtirokchining reytingdagi o‘rnini belgilash bilan birga, ehtiyojmand talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Loyihaga xorijiy va mahalliy platformalarda kompaniyalar reytingdagi o‘rinlarni egallash uchun mablag‘ ajratishi tajribasi asos bo‘lgan.
Xususan, yaqinda outbid.lol platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda kompaniyalar reytingdagi o‘rinlar uchun mablag‘ ajratishni boshlagan. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, platformada hozirgacha 255 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yig‘ilgan.
Keyinchalik O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash sindr.uz platformasi ishga tushirilgan. Unda qisqa vaqt ichida 30 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ilgan.
Mazkur tajriba asosida reyting uchun yig‘iladigan mablag‘larni talabalar ta’limini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish maqsadida TalabaPay loyihasi tashkil etilgan.
