13:36, Avgust 25, 2026
/
1,9 тыс

Ta’lim kreditidan faqat bir marta foydalanish mumkinmi?

Talabalar kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish uchun ta’lim kreditidan foydalanishi mumkin. Kredit davlat dasturi doirasida yoki banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Ta’lim krediti O‘zbekistondagi litsenziyaga ega davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida tahsil olayotgan talabalar uchun beriladi.

Kimlar ta’lim krediti olishi mumkin?

Davlat dasturi doirasidagi imtiyozli ta’lim krediti kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan O‘zbekiston fuqarolariga ajratiladi.

Kreditni talabaning o‘zi, ota-onasi yoki vasiysi rasmiylashtirishi mumkin.

Bakalavriat uchun kredit 10 yilgacha, magistratura uchun esa 5 yilgacha muddatga beriladi.

Shuningdek, ayrim banklar o‘z mablag‘lari hisobidan kechki va masofaviy ta’limda o‘qiyotgan talabalar uchun ham kredit taklif qiladi.

Ta’lim krediti necha marta beriladi?

Ta’lim krediti faqat bir marta berilmaydi. Talaba o‘qishini davom ettirayotgan bo‘lsa, har o‘quv yili uchun qayta ta’lim krediti olishga murojaat qilishi mumkin.

Masalan, bakalavriat 4 yil bo‘lsa, talaba har bir o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovini qoplash maqsadida ta’lim krediti olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Bunda har yili ajratiladigan kredit miqdori talabaning kursi, GPA ko‘rsatkichi va boshqa belgilangan shartlarga qarab aniqlanadi.

Kredit qancha miqdorda beriladi?

Kredit miqdori talabaning kursi va o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga bog‘liq:

  • 1-kurs talabalari – kontrakt summasining 100 foizigacha;
  • 2-kurs va undan yuqori bosqichlarda GPA 3,0 dan past bo‘lsa – kontraktning 80 foizigacha;
  • GPA 3,0 va undan yuqori bo‘lsa – kontrakt summasining 100 foizigacha;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari – kontrakt summasining 100 foizigacha.

GPA ko‘rsatkichi avvalgi o‘quv yili yakuni bo‘yicha HEMIS tizimidan olinadi.

Ta’lim krediti qanday olinadi?

Arizani bankka bevosita murojaat qilib yoki onlayn tarzda topshirish mumkin.

Buning uchun Ta’lim krediti tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanish mumkin.

Odatda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

  • ta’lim krediti olish uchun ariza;
  • OTM bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt;
  • kreditni qaytarish ta’minoti to‘g‘risidagi hujjat – kafillik, garov yoki sug‘urta polisi;
  • zarur hollarda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlikni tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
  • bank talab qiladigan boshqa hujjatlar.

Ayrim toifadagi qarz oluvchilardan kafillik yoki garov talab qilinmasligi mumkin.

Kredit puli talabaning qo‘liga beriladimi?

Yo‘q.

Ta’lim krediti naqd pul ko‘rinishida yoki talabaning shaxsiy bank kartasiga o‘tkazilmaydi.

Kredit mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim muassasasining hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Foiz stavkasi va to‘lov qanday amalga oshiriladi?

Davlat dasturi doirasidagi ta’lim kreditlari odatda yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.

Talaba o‘qish davrida asosiy qarzni to‘lamaydi. Asosiy qarzni qaytarish o‘qish tugaganidan 6 oy o‘tib boshlanadi.

Ayollar uchun ham qo‘shimcha imtiyoz mavjud: dastur shartlariga mos keladigan holatlarda kredit foizlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qaysi banklar ta’lim krediti beradi?

Hozir O‘zbekistonda 14 ta bank ta’lim kreditlari ajratmoqda.

Ularning ayrimlari davlat dasturi doirasida, boshqalari esa o‘z mablag‘lari hisobidan kredit beradi.

Banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan kreditlarda foiz stavkasi, muddat, ta’lim shakli va boshqa talablar farq qilishi mumkin.

Muhim: ta’lim krediti faqat kontrakt to‘lovini amalga oshirish uchun ajratiladi. Kredit mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish yoki naqdlashtirish mumkin emas.

Fikrlar (0)
Avval yangilari