Sog‘liqni saqlash: soha mayli, ta’lim qay ahvolda?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan ushbu sohada mutaxassis tayyorlovchi oliygohlar holati haqida axborot e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tibbiy ta’lim sohasida qator yutuqlarga erishilgan. Jumladan, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilgan, Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro THE reytingiga kirgan O‘zbekistondagi ilk tibbiyot oliygohi sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro davlat tibbiyot instituti va Webster university bilan hamkorlikda 3+1 sharti asosida “Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, Fag‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va BAAning Gulf universiteti bilan hamkorlikda 3+3 sharti asosida “Associate degree in preclinical sciences” bakalavriat va “Doctor of medicine” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etildi. AQSHning Franklin universiteti bilan oliy hamshiralik ishi mutaxassislarini tayyorlash yuzasidan hamkorlik shartnomalari imzolandi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
“Avlod Media” jamoasi ushbu sarhisobni tahlil qilar ekan, yutuqlardan xursand bo‘lish bilan bir qatorda o‘rinli savol ham tug‘ildi.
Matnda “Sakkizta tibbiyot oliy o‘quv yurtining ta’lim yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi” degan jumla bor. Shunda 8 xil oliygohning ta’lim yo‘nalishlari akkreditatsiyadan o‘tganmi yoki butun respublikadagi umumiy oliygohlarning 8 yo‘nalishimi? Shu joyida aniqlik kiritilib na oliygohlar, na yo‘nalishlar nomi keltirilmagan – bu faqatgina xabarni o‘qiyotgan o‘quvchinigina emas, hatto jurnalistni ham o‘ylantirib qo‘yadi.
Lekin baribir tashabbuslardan juda xursandmiz. Tibbiyot – nazariyadan ko‘ra ko‘proq amaliyot bilan o‘rganiladigan soha. Uni o‘rganishni takomillashtirish faqat shifokorlarni emas, balki xizmatdan foydalanuvchi – bizni ham sevintiradi.