14:09, Iyun 30, 2026
/
289

Tengdoshini o‘qitgan talabaga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball beriladi

Tadbirkorlar va bitiruvchilar uchun yengilliklar Davlatimiz rahbari oliy ta’lim muassasasini tamomlagan yoshlarni ishga qabul qilgan biznes vakillari uchun ulkan imtiyozni ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ishga olingan yosh mutaxassisning daromad va ijtimoiy soliqlari bir yil mobaynida atigi 1 foiz qilib belgilanadi. Bu qaror o‘z jamoasiga 200 ming chamasidagi bitiruvchilarni qo‘shib oladigan tadbirkorlar uchun kuchli motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga e’tibor Ayni paytda ijtimoiy daftarlarga kiritilmagan, biroq alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan 1 million nafar yigit-qizlarimiz bor. Ular qatoriga ota-ona mehrisiz o‘sgan, muddatli harbiy xizmatdan, mehnat migratsiyasidan yoxud jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoshlar kiradi. Ularga ozgina turtki va ko‘mak ko‘rsatilsa, hayotda o‘z yo‘llarini bemalol topib keta oladilar.

Shu maqsadda maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqildi:

  • “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi: Ushbu dastur yuqoridagi toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliyotga tatbiq etiladi.
  • “Ustoz-talaba” tizimi: Uyushmagan yoshlarga ta’lim berib, ularning oliygohga qabul qilinishiga yordam ko‘rsatgan talabalarga katta imtiyozlar beriladi. Xususan, ularga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball va davlat stipendiyalarini olishda ustunlik taqdim etiladi.

Yosh tadbirkorlar va franshiza imkoniyatlari Bugungi kunda xizmat ko‘rsatish, savdo-sotiq va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida shaxsiy brendini yaratgan minglab yoshlarimiz mavjud. Prezidentimiz ularni o‘zining ishsiz tengdoshlariga tadbirkorlik sirlarini o‘rgatishga hamda o‘z brendi ostida mehnat qilib, barqaror daromad ko‘rishlariga sharoit yaratishga chorladi.

Bu tashabbusni ro‘yobga chiqarish uchun quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

  • “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi boshlanadi. O‘z faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshlarga imtiyozli shartlarda kreditlar va yer uchastkalari ajratiladi.
  • Mahalliy brendlarning franshizasini xarid qilib, ish boshlaydigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan 300 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda foizsiz ssuda (qarz) beriladi.

Umuman olganda, ushbu muhim dastur va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan jami 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari