Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi

Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi 449-son qarori bilan texnikumlarda kadrlar tayyorlashga ish beruvchilarni kengroq jalb qilish va bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi.
Kredit miqdori qancha?
Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Kredit 7 yil muddatga, dastlabki 2 yili imtiyozli davr bilan beriladi. Foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori bo‘ladi.
Kredit olish uchun qanday talablar bor?
Har 1 mlrd so‘mgacha kredit uchun tashkilot:
– kamida 5 nafar o‘quvchini ikki o‘quv yili davomida dual ta’limga jalb qilishi;
– kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan ta’minlashi kerak.
Kreditni qaysi banklar beradi?
Imtiyozli kreditlar texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga “O‘zmilliybank” va “Aloqabank” orqali ajratiladi.
Investorlar o‘quv dasturiga ham ta’sir qila oladi
Investor buyurtmasi asosida texnikumlarda kerakli kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul parametrlari shakllantiriladi.
Shuningdek, investor buyurtmasi bilan tashkil etilgan alohida guruhlarning o‘quv reja va dasturlariga 30 foizgacha o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi.