12:00, Oktabr 20, 2026
/
337

Texnikum o‘quvchilari YPX xodimlarini haqorat qildi

O‘quvchilar ijaraga olingan Malibu-2 rusumli avtomobilda YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar prokuraturaga yuborilgan.

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, uni haqorat qilgan texnikum o‘quvchilari aniqlandi. Bu haqida viloyat YHXB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida tuman ko‘chalarida harakatlanayotib, YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan. Shuningdek, ular xodimni haqorat qilib, uni obro‘sizlantiruvchi videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

YHXB e’lon qilgan videoda o‘quvchilardan biri avtomobilni 1,2 mln so‘mga ijaraga olganini va YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmaganini tan olgan. Yana bir o‘quvchi esa xodimlardan qochib ketgani va ularni haqorat qilganini bildirgan.

O‘rganishlar natijasida qoidabuzarlik sodir etgan shaxslar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari ekani aniqlangan. Holat ular tahsil olayotgan ta’lim muassasasida ham tanqidiy muhokama qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari