07:27, Noyabr 13, 2026
/
113

Texnikum öquvçilari tayyorlagan mahsulotlarni sotiş mumkin böladi

Özbekistonda davlat texnikumlari öquvçilari amaliy maşğulotlar davomida tayyorlagan mahsulotlarni sotişdan tuşadigan mablağlarni hisobga oliş tartibi belgilanmoqda. Tuşgan pullar bevosita öquvçilarga emas, ta’lim muassasasining rivojlantiriş jamğarmasiga yönaltirilişi nazarda tutilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat texnikumlarini öquv-amaliy maşğulotlar uçun zarur xomaşyo va materiallar bilan ta’minlaş tartibiga oid qaror loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaning 9-bandiga köra, texnikum öquvçilari amaliy maşğulotlar vaqtida tayyorlagan va bozor talablariga javob beradigan mahsulotlar sotilişi mumkin. Ularni sotişdan tuşgan mablağlar texnikumning ğaznaçilik bölimlarida oçilgan budjetdan taşqari rivojlantiriş jamğarmasi hisobvarağiga ötkaziladi.

Ya’ni, mahsulotni öquvçi tayyorlagan bölsa ham, uni sotişdan tuşgan pulning bevosita öquvçiga berilişi mazkur loyihada nazarda tutilmagan. Hujjatda mahsulotlarning sotuv narxini belgilaş, tuşumdan öquvçilarga uluş ajratiş yoki ularni moddiy rağbatlantiriş mexanizmlari ham alohida körsatilmagan.

Şuningdek, texnikumlardagi amaliy maşğulotlar uçun zarur xomaşyo, materiallar va yonilği-moylaş mahsulotlarini xarid qiliş xarajatlari belgilangan me’yorlar asosida Davlat budjetida rejalaştirilişi közda tutilmoqda. Bunda öquvçilar soni, ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi hamda avvalgi yildan foydalanilmay qolgan materiallar hisobga olinadi.

Amaliy maşğulot boşlanişidan kamida bir kun oldin işlab çiqariş ta’limi ustasi zarur materiallar böyiça buyurtma tayyorlaydi va uni texnikum direktori tasdiqlaydi. Materiallar öquvçilarga imzo qöydirilgan holda tarqatilib, maşğulot yakunida ularning haqiqiy sarfi dalolatnoma bilan rasmiylaştiriladi. Işlatilmay qolgan materiallar esa omborxonaga qaytariladi.

Bundan taşqari, amaliy maşğulotlardan qolgan, belgilangan tartibda hisobdan çiqarilgan metall çiqindilarini tegişli korxonalarga topşiriş ham nazarda tutilgan. Ulardan tuşgan mablağlar ham texnikumning rivojlantiriş jamğarmasiga kirim qilinadi. Materiallarning sarflanişi va hisobdan çiqarilişini nazorat qiliş uçun 5-7 kişilik doimiy işçi guruh taşkil etiladi. Texnikumlar xarid qilingan hamda maqsadli sarflangan materiallar yuzasidan har çorakda hisobot taqdim etişi kerak böladi.

Eslatib ötamiz, mazkur hujjat hozirça loyiha hisoblanadi. U tasdiqlansa, davlat professional ta’lim taşkilotlarini amaliy maşğulotlar uçun materiallar bilan ta’minlaşga oid 2013-yilda qabul qilingan tegişli nizom öz kuçini yöqotadi.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari